O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Raqamli markirovkalangan tovarlarning harakatini kuzatib borish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, 2026-yil 1-iyundan boshlab O‘zbekiston Respublikasi va hamkor davlatlar o‘rtasida suv hamda salqin ichimliklarga nisbatan raqamli markirovka kodlarini o‘zaro tan olish joriy etiladi.
Qarorga ko‘ra Soliq qo‘mitasi hamkor davlatlarning raqamli markirovka kodlarini O‘zbekiston Respublikasi hududida tan olish bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi.
2026-yil 1-aprelga qadar raqamli markirovka kodlari ma’lumotlari bo‘yicha axborot almashishga qo‘yiladigan talablar belgilanadi hamda ularning xavfsizligi ta’minlanadi. Bunda ushbu talablar raqamli markirovka kodlarini o‘zaro tan olish va tovarlarning harakatini kuzatib borishda ishtirok etuvchi barcha davlat organlari va tashkilotlari uchun majburiy hisoblanadi.
Bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘zaro tan olingan xorijiy davlatlarning raqamli markirovka kodlarini elektron hisobvaraq-faktura hamda onlayn nazorat-kassa texnikasining kassa cheklarida aks ettirish imkoniyati yaratiladi.
Har yili 15-yanvarga qadar raqamli markirovkani o‘zaro tan olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar jarayoni va uning natijalari to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga hisobot taqdim etib borish belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi:
O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan majburiy raqamli markirovkalanishi lozim bo‘lgan tovarlarda raqamli markirovka kodlari mavjudligi nazorat qilinishini;
tovarlarning noqonuniy aylanishining oldini olish maqsadida hamkor davlatlarning bojxona organlari bilan ma’lumot almashish yo‘lga qo‘yilishini ta’minlaydi.
Qarorga muvofiq:
“Asl belgisi” mahsulotlarni markirovkalash va kuzatib borish milliy axborot tizimi operatori raqamli markirovka ma’lumotlarini qabul qilish, qayta ishlash, saqlash va himoya qilishni ta’minlaydi;
O‘zbekiston Respublikasi hududida shakllantiriladigan va muomalada bo‘ladigan raqamli markirovka ma’lumotlari O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan data-markazlar doirasida saqlanishi va qayta ishlanishi shart;
tovarlarning raqamli markirovkasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar xorijiy davlat organlari va boshqa tashkilotlarga xalqaro shartnomalar asosida hamda axborot xavfsizligi talablariga rioya etilgan holda uzatiladi;
O‘zbekiston Respublikasi hududida majburiy raqamli markirovkalanishi lozim bo‘lgan tovarlarni erkin muomalaga chiqarishga faqat “Asl belgisi” mahsulotlarni markirovkalash va kuzatib borish milliy axborot tizimida ularga tatbiq etilgan raqamli identifikatsiya vositalarining haqiqiyligi tasdiqlangandan so‘ng yo‘l qo‘yiladi.
Ma’lumot o‘rnida, oldinroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Majburiy raqamli markirovkalash tizimi samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2025-yil 23-maydagi PQ – 190-son qaroriga muvofiq quyidagilar:
xavfni tahlil qilish tizimida majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish holatlari soliq xavfi darajasini yuqori deb baholash uchun asos bo‘lishi;
majburiy raqamli markirovkalanadigan mahsulotlarni realizatsiya qilishda markirovka kodi biriktirilmagan elektron hisobvaraq-fakturani rasmiylashtirishga yo‘l qo‘yilmasligi;
markirovka kodi kiritilgandan so‘ng onlayn nazorat-kassa texnikasining kassa cheki shakllantirilishi;
avval foydalanilgan markirovka kodlari kiritilganda, onlayn nazorat-kassa texnikasining kassa cheki shakllanishiga yo‘l qo‘yilmaslik belgilangan edi.
O‘zA