O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Bojxona ma’muriyatchiligi va tashqi savdo tartibotlarini yanada soddalashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, Andijon, Buxoro, Namangan, Samarqand, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida 6 ta MED bojxona postlari tugatiladi.
“Oybek”, “S.Najimov” va “Sirdaryo” chegara postlari 2026-2029 yillarda rekonstruksiya qilinadi.
2026 yil 1 iyundan boshlab:
a) tadbirkorlik sub’ektlariga bojxona bojini 120 kunga qadar kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi;
b) bojxona to‘lovlari to‘lanishini ta’minlashning bosh ta’minoti turidan foydalanishda xavflarni boshqarish tizimining natijalaridan kelib chiqib, tadbirkorlik sub’ektlariga pasaytirilgan miqdorda ta’minot taqdim etiladi.
2026 yil 1 martdan 2027 yil 1 martga qadar sinov tariqasida:
a) mutasaddi vazirlik va idoralar takliflariga asosan Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya tayyor mahsulotlar uchun bojxona boji summasidan ko‘ra ularni ishlab chiqarishda ishlatiladigan xomashyo va materiallar importi uchun undiriladigan bojxona boji summasi balandroq hisoblanadigan tovarlar ro‘yxatini bosqichma-bosqich shakllantiradi;
b) shakllantirilgan ro‘yxatdagi tovarlarni qayta ishlash uchun olib kiriladigan xomashyo va materiallarni bojxona hududida qayta ishlab bojxona rejimidan so‘ng erkin muomalaga chiqariladi:
import bojxona boji, ularning kelib chiqish mamlakatidan qat’i nazar, boj tarifi bilan belgilangan stavkalar miqdorida qayta ishlash mahsulotidan undiriladi;
qonunchilik bilan nazarda tutilgan bojxona to‘lovlaridan imtiyozlar qayta ishlash mahsulotlariga nisbatan qo‘llanadi;
v) mazkur tartib asosida olib kirilgan xomashyo va materiallardan maqsadli foydalanish ustidan nazorat o‘rnatishga Bojxona qo‘mitasi mas’ul etib belgilanadi.
O‘zA