Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2026 yil 1 fevraldan boshlab "Davlat ta’minotidagi oila" toifasiga kiritilgan oilalar uchun ijtimoiy yordam paketi joriy etiladi
16:23 / 2026-01-02

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralarini taqdim etish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, 2026 yil 1 fevraldan boshlab "Davlat ta’minotidagi oila" toifasiga kiritilgan oilalar uchun quyidagilarni o‘z ichiga olgan ijtimoiy yordam paketi joriy etiladi:

a) ushbu oilalar xonadoniga quvvati 7-10 kVtlik quyosh panellarini o‘rnatish uchun Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasidan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratiladi; 

b) ushbu oilalarga Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida tijorat banklari orqali 4 yilgacha muddatga bazaviy hisoblash miqdorining 75 baravarigacha miqdorda quyidagi maqsad va shartlarda kredit ajratiladi: 

kredit oilaning mehnatga layoqatli a’zolarining bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini boshlash yoki kengaytirish, shu jumladan, chorva mollari, parranda, quyon, baliq va asalari uyasi, ko‘chma do‘konlar (food truck), motoroller, skuter va boshqa asosiy vositalarni sotib olish yoki issiqxxona qurish uchun ajratiladi; 

kredit bir yillik imtiyozli davr bilan "davlat ta’minotidagi oila" toifasidagi oila a’zosining ijtimoiy kartasiga o‘tkaziladi; 

kredit foiz stavkasi Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasidagi foiz stavkasida hisoblanadi va foiz to‘lovlari Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasiga Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan tijorat banklariga qoplab boriladi. 

Ijtimoiy reyestrga kiritilganligi ushbu oila a’zolarining "Ijtimoiy himoya yagona reyestri" va Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralaridan foydalanishi uchun asos hisoblanadi. Bunda: 

a) oilalar "davlat ta’minotidagi oila" yoki "kambag‘al oila" toifalarining biridan "kambag‘allik chegarasidagi oila" toifasiga o‘tganda ular uchun qonunchilikda nazarda tutilgan davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralaridan foydalanish huquqi keyingi o‘n ikki oy muddatga saqlab qolinadi; 

b) og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan oila sifatida "kambag‘allik chegarasidagi oila" toifasiga kiritilgan oilalar "kambag‘al oila" toifasidagi oilalar uchun qonunchilikda nazarda tutilgan davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralaridan o‘n ikki oy muddat davomida foydalanadi, bundan bolalar nafaqasi va moddiy yordamni olish mustasno. 

O‘zA