O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasini raqamlashtirish hamda ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish tizimini raqamli transformatsiya qilish, sohaga sun’iy intellekt va robototexnika imkoniyatlarini tatbiq etish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, ilmiy tadqiqot va tajriba-konstruktorlik yo‘nalishlarini o‘zaro integratsiya qilish orqali mahsulot ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishning yaxlit innovatsion zanjirini yaratish, sohani yaxlit raqamli transformatsiya qilish hamda ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish doirasida istiqboldagi asosiy vazifalar belgilandi. Ular:
a) 2027 yil 1 dekabrga qadar sohaga mas’ul vazirlik va idoralarning tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli favqulodda vaziyatlar monitoringi, axborot almashinuvi va prognozlash kabi axborot tizimlarini umumiy texnik yondashuv asosida yagona platformaga birlashtirish, 2030 yilga qadar zarur axborot infratuzilmasi va resurslarini to‘liq shakllantirish;
b) 2028 yil 1 dekabrga qadar favqulodda vaziyatlar organlari faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalari va raqamli yechimlarni joriy etish orqali raqamlashtirish darajasini 60 foizga yetkazish;
v) monitoring, prognozlash va profilaktika faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish maqsadida sohada kiber tahdidlardan himoyalangan axborot infratuzilmasini yaratish;
g) 2030 yilga qadar sohaga zarur bo‘lgan import qilinayotgan avariya-qutqaruv va yong‘in-texnik mahsulotlarni mahalliylashtirish darajasini 30 foizga yetkazish;
d) sohaga oid innovatsion mahsulotlarni yaratish, sinov-tadqiqot ishlarini, muvofiqlikni baholash tizimini va yong‘in-texnik ekspertizasini yanada rivojlantirishdan iborat.
2026 yil 1 yanvardan boshlab 2027 yil yakuniga qadar Favqulodda vaziyatlar vazirligida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan "Digital team" idoralararo raqamli jamoa faoliyati vazirlik va idoralar vakillaridan iborat tarkibda yo‘lga qo‘yiladi.
Idoralararo raqamli jamoaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
favquldda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasiga raqamli texnologiyalar, zamonaviy raqamli yechimlar, dasturiy mahsulotlar, elektron xizmatlar va innovatsiyalarni joriy etish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish;
sohani raqamlashtirish borasida tashabbuslar, takliflar ishlab chiqish, loyihalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni tatbiq etish va boshqarish bo‘yicha zarur tadbirlarni amalga oshirish;
Idoralararo raqamli jamoa ishtirokchilarining axborot tizimlari (ma’lumotlar bazasi)ni Favqulodda vaziyatlar vazirligining axborot infratuzilmasiga integratsiya qilish choralarini ko‘rish;
Idoralararo raqamli jamoa ishtirokchilari o‘rtasida raqamli vositalar yordamida himoyalangan va barqaror axborot almashinuvini joriy etish, kadrlar salohiyatini oshirish, raqamlashtirish bo‘yicha samarali strategiyalarni ishlab chiqish; himoyalangan apparat-dasturiy komplekslarni joriy etish, axborot va kiberxavfsizlik tahdidlaridan himoya qilish choralarini ko‘rish.
2026 yil 1 dekabrga qadar Idoralararo raqamli jamoa tomonidan yagona texnologik talablar asosida favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasi yaxlit raqamlashtiriladi.
2027 yil 1 dekabrga qadar vazirlik va idoralarning tegishli axborot resurslari va tizimlari Favqulodda vaziyatlar vazirligining axborot-tahliliy platformalariga integratsiya qilinadi.
Idoralararo raqamli jamoaning faoliyatiga xorijiy mutaxassis va ekspertlar jalb etiladi.
2025 yil 1 dekabrga qadar Favqulodda vaziyatlar vazirligida sohaviy tuzilmalarning malakali xodimlari hamda ilmiy-tadqiqot tashkilotlari mutaxassis-ekspertlaridan iborat kross-funksional guruh tashkil etiladi. Kross-funksional guruh 2027 yil yakuniga qadar:
a) sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning tashkiliy-texnik, iqtisodiy, huquqiy va metodologik asoslari yaratilishi, mahalliy va ilg‘or xorijiy tajribalarning tahliliy xulosalari shakllantirilishi;
b) favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish tizimini yaxlit raqamlashtirish orqali biznes jarayonlarini maqbullashtirish uchun samarali, yangi va innovatsion yechimlar ishlab chiqilishi;
v) raqamli transformatsiya loyihalarining segmentlari, komponentlari va algoritmlari ishlab chiqilishi, sohaga tatbiq etilishi va takomillashtirilishiga mas’ul bo‘ladi.
O‘zA