O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini uy-joy bilan ta’minlash ishlarini jadallashtirish va ko‘p kvartirali uylar qurilishini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturi doirasida ko‘p kvartirali uylardagi xonadonlarni sotib olish uchun subsidiya ajratiladigan fuqarolarning ijtimoiy mezonlarga muvofiqligini baholash jarayoni Iqtisodiyot va moliya vazirligining "subsidiya.idm.uz" dasturiy ta’minot tizimi orqali avtomatlashtirilgan holda inson omilisiz amalga oshiriladi.
2026-yil 1-apreldan boshlab byudjet resurslari hisobidan ipoteka kreditlari rasmiy daromad oladigan fuqarolar, shuningdek, joriy yilda oxirgi bir yillik, 2027-yilda oxirgi ikki yillik va 2028-yildan boshlab oxirgi uch yillik davr ichida ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliqni to‘liq to‘lagan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga ajratiladi.
2026-yil 1-iyuldan boshlab yil yakuniga qadar ilg‘or xorijiy tajribalar asosida aholining vaqtincha bo‘sh turgan pul mablag‘lari hisobidan uy-joy sotib olinishini rag‘batlantirish uchun Ipoteka dasturi doirasida ajratiladigan ipoteka kreditlari bo‘yicha maqsadli ipoteka omonati amaliyoti tajriba-sinov tariqasida joriy etiladi.
Tajriba-sinov doirasida:
a) ipoteka krediti bo‘yicha subsidiya ajratish to‘g‘risida ijobiy xabarnomaga ega fuqarolar ixtiyoriy ravishda xabarnomaning amal qilish davrida tijorat bankining jamg‘arma hisobvarag‘ida Ipoteka dasturi doirasida qayta moliyalashtiriladigan ipoteka kreditining eng ko‘p miqdoridan kelib chiqib hisoblanadigan dastlabki badal summasining o‘ziga tegishli qismidan kam bo‘lmagan miqdorda, saqlash muddati 12 oydan ortiq bo‘lmagan ipoteka omonatini to‘liq shakllantiradi;
b) ipoteka omonatini shakllantirgan fuqarolarga ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badalning bir qismini qoplash maqsadida Davlat byudjetidan ajratiladigan subsidiyalar tijorat banklarining buyurtmanomasiga asosan ipoteka omonati eng kam miqdorining bir qismini shakllantirish uchun oldindan o‘tkazib beriladi;
v) ipoteka omonatidagi mablag‘lar kreditiga nisbatan tijorat banki tomonidan bozor stavkasida foiz hisoblanadi va omonat davrida jamg‘arilgan barcha mablag‘lar foiz to‘lovlari bilan birgalikda ipoteka kreditlari bo‘yicha dastlabki badalni shakllantirish uchun maqsadli yo‘naltiriladi;
g) omonat davri yakuniga qadar fuqarolar tomonidan ipoteka krediti orqali ko‘p kvartirali uylardagi xonadonlar sotib olinmagan taqdirda, tijorat banki tomonidan ipoteka omonatida jamg‘arilgan mablag‘lar ularning qoldig‘iga hisoblangan stavkada yillik foiz to‘lovlari bilan birgalikda mos ravishda fuqarolarga va Davlat byudjetiga qaytariladi;
d) ipoteka krediti ajratilgandan so‘ng tijorat banklarining buyurtmanomasiga asosan dastlabki 5 yil muddatgacha ipoteka kreditlari bo‘yicha hisoblangan foiz to‘lovlarining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan qismini qoplash uchun subsidiyalar to‘lash boshlanadi.
Farmon bilan 2026-yil 1-iyunga qadar mazkur Farmonda nazarda tutilgan tajriba-sinov loyihasini amalga oshirishga oid nizom tasdiqlandi.
Ipoteka krediti asosida sotib olingan uyga fuqarolarni ushbu uy egasi arizasi va garovga oluvchining (bankning) roziligi asosida yashash joyi va turgan joy bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat beriladi.
O‘zA