O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “2026 – 2030 yillarda qon bilan ishlash xizmatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Respublikada qon mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojning yanada ortib borayotgani sababli qon bilan ishlash xizmati tashkilotlarining imkoniyatlarini yanada kengaytirish, davolash muassasalarining qon va qon mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq ta’minlashni yo‘lga qo‘yish maqsadida 2026-2030 yillarda qon bilan ishlash xizmatini yanada takomillashtirishning asosiy maqsadlari belgilandi. Ular:
a) Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalari asosida har ming nafar aholiga donatsiyalar sonini 10 tadan 30 tagacha oshirish;
b) qon mahsulotlariga ehtiyojni to‘liq qoplash uchun qon topshirishlar (donatsiyalar) sonini 1 milliontagacha oshirish orqali tayyorlanadigan qon zaxirasini amaldagi 150 ming litrdan 450 ming litrga yetkazish;
v) beg‘araz qon donorlari sonini 300 ming nafardan 900 ming nafargacha yetkazish;
g) "ehtiyoj - qayta ishlash - yetkazish" zanjirida biznes jarayonlarni boshqarish tizimini joriy etish;
d) ilg‘or xalqaro tajribaga asoslangan standart operatsion jarayonlar, xavfsizlik bayonnomalari hamda skrining usullarini amaliyotga joriy etish orqali qon va uning tarkibiy qismlari xavfsizligini ta’minlash;
j) qon bilan ishlash xizmati tashkilotlari xodimlarining bilimlarini oshirish va zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish;
z) beg‘araz donorlikni rivojlantirish, zarur qon zaxirasini shakllantirish uchun tizim tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashdan iborat.
Qaror bilan qon bilan ishlash xizmati tashkilotlarida quyidagilarni nazarda tutuvchi yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi:
a) 2026 yil 1 oktyabrdan boshlab:
qon bilan ishlash xizmati tashkilotlarida qon mahsulotlari xavfsizligi va sifatini ta’minlash bo‘yicha barcha texnik va tibbiy jarayonlarni tartibga soluvchi standart operatsion jarayonlar hamda xavfsizlik bayonnomalari amaliyotga joriy qilinadi;
"ehtiyoj - qayta ishlash - yetkazish" zanjiri doirasida biznes jarayonlarini boshqarish tizimi joriy etiladi. Bunda qon va uning tarkibiy qismlariga ehtiyojni shakllantirish, to‘plash, tayyorlash, qayta ishlash, saqlash, yetkazish va bemorga quyish, tahlil va hisobotlarni yuritish, sifat nazoratini ta’minlash va qon mahsuloti muomalasini monitoring qilish inobatga olinadi;
b) 2027 yil 1 martdan boshlab "Qon mahsulotlari elektron hisobini yuritish" axborot tizimi joriy etiladi;
v) qon bilan ishlash xizmati hamda davolash-profilaktika tashkilotlari o‘rtasida o‘zaro aloqalar yo‘lga qo‘yiladi.
O‘zA