Iqtisodiyot va moliya vazirligida ACCA (Association of Chartered Certified Accountants) tashkilotining Markaziy Osiyo, Mo‘g‘uliston va Armaniston bo‘yicha rahbari Janna Iskenova boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda mamlakatimizda professional buxgalter va auditorlarni xalqaro standartlar asosida tayyorlash, ularni sertifikatlash hamda auditorlik faoliyati sifatini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar davomida 2020-yildan buyon hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Qayd etilganidek, so‘nggi besh yil davomida 4 200 nafardan ortiq mutaxassisning xalqaro imtihonlar va o‘qish xarajatlari uchun davlat byudjetidan 11,06 milliard so‘m ajratilgan. Bu mablag‘lar moliyaviy hisobot va audit sohasida xalqaro standartlarga javob beradigan kadrlarni tayyorlashga yo‘naltirilgan.
Prezidentning 2025-yil 15-sentabrdagi qaroriga muvofiq, 2026-2028-yillar davomida buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida tegishli fanlar bo‘yicha imtihonni muvaffaqiyatli topshirgan fuqarolarning dastlabki ro‘yxatdan o‘tish va imtihon topshirish xarajatlari respublika byudjetidan qoplab beriladi. Mazkur qaror moliya sohasida xalqaro bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislar sonini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, imtihon to‘lovlariga qo‘shimcha chegirmalar berish imkoniyatlari, shuningdek, xarajatlarni qoplash jarayonida taqdim etiladigan hujjatlarning haqqoniyligini tezkor va ishonchli tekshirish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, ACCA – Buyuk Britaniyada tashkil etilgan nufuzli xalqaro professional tashkilot hisoblanadi. U 180 dan ortiq mamlakatda buxgalter va moliyachilarni tayyorlash va sertifikatlash faoliyatini amalga oshiradi.
Uchrashuv doirasida auditorlik tashkilotlari faoliyati sifatini nazorat qilish bo‘yicha maslahatlashuv-seminarlar tashkil etish, metodologik ko‘mak ko‘rsatish hamda axborot almashinuvini kuchaytirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar professional buxgalter va moliyachilarni xalqaro standartlar asosida tayyorlash, imtihon tizimini takomillashtirish va auditorlik faoliyati sifatini oshirish borasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib oldi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA