O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan V ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Unga muvofiq, 2026-2027 yillarda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, zarur moliyaviy va infratuzilmaviy sharoitlarni yaratish uchun jami 270 trillion so‘m yo‘naltiriladi.
Shundan:
a) erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarining, shuningdek, to‘g‘ridan- to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi yirik ishlab chiqarish loyihalarining infratuzilmasini rivojlantirish uchun Davlat byudjetidan 4 trillion so‘m;
b) drayver loyihalar doirasida - 5 trillion so‘m;
v) tanlab olingan tuman va shaharlarni jadal rivojlantirish dasturlari uchun - 6 trillion so‘m;
g) tijorat banklari tomonidan kichik va o‘rta biznes uchun - 250 trillion so‘m, shu jumladan, tadbirkorlik dasturlari doirasida 30 trillion so‘m;
d) "Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi" AJ tomonidan kamida 5 mingta tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish uchun - 4 trillion so‘mlik moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari.
2026 yil 1 maydan boshlab tadbirkorlik sub’ektlariga kredit ajratish jarayonida ularning to‘lov qobiliyatini baholash uchun xarajatlar (soliq, kommunal to‘lovlar, tranzaksion operatsiyalar va boshqa ijobiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha ma’lumotlarni), tovar aylanmasi, eksport operatsiyalari kabi davlat organlari va xususiy sektor vakillarida shakllangan ma’lumotlar bazalarida mavjud ma’lumotlar orqali muqobil skoring qilish tizimi joriy qilinadi.
Tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun ustav kapitalida davlat ulushi bo‘lmagan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga jarimalar qo‘llash va undirishga 2027 yil 1 yanvarga qadar moratoriy e’lon qilinadi.
Moratoriy davrida muddati o‘tgan debitor qarzdorlik holatlari bartaraf etilganda qo‘llanilgan jarimalar bekor qilinadi.
2026 yildan boshlab:
a) 2026-2028 yillarda joylashtirish vositalarini tashkil qilish uchun kamida 5 ming gektar yer uchastkalarini elektron onlayn auksionga chiqarish;
b) 2026-2028 yillarda tijorat banklari tomonidan barcha toifadagi tadbirkorlik sub’ektlariga mehmonxona qurish uchun 7 yil muddatgacha quyidagi miqdorlarda kreditlar ajratiladi:
viloyat markazlari, Toshkent va Nukus shaharlari, turizmga ixtisoslashgan tuman (shahar)larda qurilayotgan mehmonxonalar uchun - 30 milliard so‘mgacha;
boshqa hududlarda - 10 milliard so‘mgacha;
v) har yili sayyohlarning eng ko‘p e’tiborini qozongan va nufuzli xalqaro platformalarda ijobiy e’tirof etilgan joylashtirish vositalarini aniqlash va taqdirlash bo‘yicha mukofot jamg‘armasi 1 million AQSH dollariga teng tanlov o‘tkazish kabi Turizmni rivojlantirish dasturi joriy etiladi.
2026 yil 1 yanvardan boshlab:
a) respublika tuman va shaharlarida (viloyatlar markazlari, Toshkent va Nukus shaharlari, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatga kiritilgan turizm salohiyati yuqori bo‘lgan tuman (shahar)lar va turistik zonalar bundan mustasno) joylashgan joylashtirish vositalari uchun turistik (mehmonxona) yig‘imni hisoblash va to‘lash tartibi bekor qilinadi;
b) oilaviy mehmon uyi sifatida tan olish uchun bir vaqtning o‘zida vaqtincha yashash va (yoki) ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish mumkin bo‘lgan tashrif buyuruvchilar (turistlar) soni bo‘yicha belgilangan chegara miqdori 2 baravar oshiriladi.
2026 yildan boshlab:
a) davlat ko‘chmas mulkidan foydalanganlik uchun ijara to‘lovining eng kam miqdori hududda shakllangan ijara to‘lovining minimal bozor narxidan kelib chiqib belgilanadi;
b) davlat ko‘chmas mulkini ijaraga berish muddati 3 yildan 5 yilgacha oshiriladi.
2026 yil 1 yanvardan boshlab sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazishda:
mobil videokameradan foydalanish majburiy hisoblanadi;
mobil videokameradan foydalanmasdan o‘tkazilgan tekshiruvlar noqonuniy hisoblanadi.
O‘zA