O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnoldogiyalarni joriy etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Unda Konstitutsiyaviy sud faoliyatini takomillashtirishning ustuvor maqsadlari belgilandi. Ular quyidagilardan iborat:
a) fuqarolar va yuridik shaxslarning konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish, ularning buzilgan konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini tiklash imkoniyatlarini kengaytirish;
b) fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlari (shikoyatlari)ni ko‘rib chiqish tartib-taomillarini soddalashtirish, ortiqcha byurokratik to‘siqlap va ovoragarchiliklarni bartaraf etish;
v) Konstitutsiyaviy sud vakolatlarini kengaytirish orqali ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati ustidan ta’sirchan konstitutsiyaviy nazorat o‘rnatish;
g) konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish orqali Konstitutsiyaviy sud faoliyatida shaffoflikni oshirish.
Farmonga muvofiq, 2026 yil 1 iyunga qadar fuqarolar va yuridik shaxslarning Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida fuqarolar va yuridik shaxslarning shikoyatlarini qabul qilish va ko‘rib chiqish, konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish, xulosa va qarorlarni qabul qilish kabi protsessual masalalarni o‘z ichiga olgan konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishni tartibga soluvchi konstitutsiyaviy qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
Farmon bilan, 2026-2027 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini raqamlashtirish dasturi tasdiqlandi.
Unda:
a) sud ishtirokchilarini Konstitutsiyaviy sud majlisining vaqti va joyi haqida "Sud xabarnomasi" elektron xizmati va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining mobil ilovasi orqali Davlat byudjeti hisobidan elektron tarzda xabardor qilish;
b) sud majlislari videokonferensaloqa rejimida, shu jumladan, mobil ilovadan foydalangan holda o‘tkazilishini ta’minlash;
v) Konstitutsiyaviy sud faoliyati to‘g‘risidagi axborotning ochiqligini ta’minlash maqsadida fuqaro va yuridik shaxslarga interaktiv xizmatlar ko‘rsatadigan axborot tizimlarini yaratish;
g) odil sudlovni amalga oshirishda zarur bo‘lgan ma’lumotlarni fuqaro va yuridik shaxslarni ovora qilmagan holda vakolatli davlat organlari va tashkilotlaridan elektron shaklda olish amaliyotini yo‘lga qo‘yish;
d) sud majlislarini audioyozuv orqali qayd etib borish hamda sud majlisi bayonnomalarini ushbu tizim yordamida shakllantirish tartibi belgilab berilgan.
O‘zA