O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2026-yilda Navoiy viloyatini barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Navoiy viloyatida rekreatsiya va yashil hududlar ko‘paytiriladi. Jumladan:
2026-2027-yillarda Navoiy shahrida joylashgan Alisher Navoiy nomidagi markaziy madaniyat va istirohat bog‘i, "Yoshlik" ko‘li va ular atrofidagi eskirgan, samarali foydalanilmayotgan ob’ektlar joylashgan hudud yagona majmua sifatida zamonaviy ko‘rinishda rekonstruksiya qilinadi.
"Alisher Navoiy nomidagi markaziy madaniyat va istirohat bog‘i" davlat muassasasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi "Mahalliy byudjetlar va byudjet tashkilotlarining moliyaviy barqarorligini oshirish, byudjet intizomini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PQ-387-son qaroriga muvofiq Obodonlashtirish boshqarmalariga berilgan barcha huquq va vakolatlar tatbiq etiladi.
2026-2027-yillarda Navoiy va Uchquduq shaharlarida yashillik darajasini oshirish, umumiy foydalanishdagi hududlarda joylashgan barcha ko‘p yillik daraxtlarni suv bilan ta’minlash, suv resurslaridan samarali foydalanish, ekologik holatni yaxshilash va barqaror saqlash maqsadida zamonaviy sug‘arish tizimi joriy etiladi.
"Yangi O‘zbekiston" bog‘i, turistik markaz va Markaziy istirohat bog‘ini qurish-ta’mirlash ishlari uchun chetdan olib kelinadigan qurilish texnikasi, attraksionlar, asbob-uskuna va jihozlar, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlari, qurilish materiallari, metall konstruksiyalar, noyob daraxt va buta ko‘chatlari hamda boshqa tovarlar bo‘yicha bojxona to‘lovlari 120 kunga kechiktirilib yoki bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.
Karmana tumanida Fransiya taraqqiyot agentligi mablatlari hisobidan amalga oshirilayotgan oqova suv tizimlarini qurish loyihasi turistik markaz loyihasi bilan uyg‘unlashtiriladi.
2026-yilda Navoiy viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining daromadini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish, loyihaviy yondashuv asosida:
a) "Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla" maqomi berilgan 8 ta qishloq tumanidan tanlab olingan 16 ta mahallada shahar muhiti va qulay yashash sharoitlari yaratiladi;
b) og‘ir toifadagi Konimex va Navbahor tumanlari hamda kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan 12 ta og‘ir toifadagi mahallada aholi yashashi va tadbirkorlik faoliyati uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan kompleks infratuzilmaviy va ijtimoiy-iqtisodiy chora-tadbirlar amalga oshiriladi;
v) viloyatdagi 40 ta mahallani ixtisoslashtirish uchun ushbu mahallalarga 60 ta tik quduq qaziladi, transformator o‘rnatiladi, elektr tarmog‘i tortiladi va sug‘orish tarmoqlarini betonlash tadbirlari amalga oshiriladi;
g) tuman (shahar) markazlaridagi 65 ta mahallani bog‘lovchi gavjum ko‘chalar, sohil va yo‘lbo‘yi, savdo, ko‘ngilochar va dam olish markazlari hamda turizm salohiyat yuqori bo‘lgan 18 ta mahallada mehmon uylari, turizmga xizmat ko‘rsatuvchi ob’ektlar tashkil etiladi;
d) xalqaro (tranzit) avtomobil yo‘llari bo‘ylaridagi 15 ta mahallada savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;
j) tumanlardagi 78 ta mahallada ixtisoslashuvni chuqurlashtirish uchun "Uzagrostar xolding" kompaniyasi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi instrumentlaridan foydalaniladi.
O‘zA