O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni rivojlantirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, quyidagilar kasblarni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor islohotlarning asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:
a) 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab 7 ta hududda ilg‘or kasbiy mahorat texnikumlarida "Kasblar shaharchalari" tashkil etilib, ular orqali maktab o‘quvchilari zamonaviy kasblarga yo‘naltiriladi;
b) 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab texnikumlarda stipendiya to‘lash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
v) hududlarda 24 ta malakani baholash markazlari tashkil etilib, mehnat bozorida tan olinadigan sertifikat berish joriy etiladi;
g) Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Koreya Respublikasi kabi davlatlarning ilg‘or ta’lim dasturlari joriy qilingan texnikumlar soni 100 taga yetkaziladi.
Farmon bilan Kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish bo‘yicha ustuvor islohotlar dasturi tasdiqlandi.
Shuningdek, mazkur farmon bilan ekologik muvozanatni ta’minlash va suvdan oqilona foydalanishni tashkil etish bo‘yicha ustuvor islohotlarning asosiy yo‘nalishlari ham belgilandi. Ular:
a) ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish hisobiga 7 milliard metr kub tabiiy gazni iqtisod qilish va atmosferaga 11 million tonna zararli moddalar chiqishining oldini olish;
b) 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab dual ta’lim tizimi asosida har bir hududda 14 ta "yashil" texnikum tashkil etish;
v) ekspluatatsiya muddati o‘tgan avtomobillar utilizatsiyasini tashkil etish va uning komponentlarini qayta ishlash amaliyotini yo‘lga qo‘yish;
g) elektromobil sotib olishni rag‘batlantirish uchun aholiga 16 foizgacha stavkada bo‘lgan kreditlar ajratish tartibini joriy etish;
d) ochiq drenaj, kollektor va kanallarni yopiq tizimga o‘tkazish bo‘yicha amaliy tadbirlarni tashkil etish;
j) 504 ming gektar maydonda suv tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish orqali 5 milliard metr kub suv iqtisod qilinishini ta’minlash;
z) 1,3 ming kilometr kanallar, sug‘orish tarmoqlari va boshqa irrigatsiya ob’ektlarini betonlashtirish orqali yiliga qo‘shimcha 500 million metr kub suv iqtisod qilinishini ta’minlashdan iborat bo‘ladi.
Farmon bilan Ekologik muvozanatni ta’minlash va suvdan oqilona foydalanishni tashkil etish bo‘yicha ustuvor islohotlar dasturi tasdiqlandi.
O‘zA