Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2025 yilning eng yaxshi notariusi aniqlandi
17:45 / 2025-12-05

Mana 6 yildirki, O‘zbekiston Notarial palatasi tizimida 8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun arafasida “Yilning eng yaxshi notariusi” tanlovi o‘tkaziladi.

Tanlov notariuslar  kasbiy madaniyati va bilimini oshirish, bayram arafasida faol va bilimli notariuslarni rag‘batlantirish maqsadida o‘tkaziladi.

“Yilning eng yaxshi notariusi” ko‘rik-tanlovining hududiy bosqichlari joylarda joriy yilning 15 noyabridan 25 noyabrgacha o‘tkazilib, respublika bosqichi ishtirokchilari aniqlab olindi.

Tanlov ishtirokchilari - notariuslar tomonidan yakuniy bosqichning 1-shartiga ko‘ra tanlov hay’atiga ularning faoliyati haqidagi 3 daqiqali videoroliklar taqdim etildi.

Ikkinchi sharti Konstitutsiya hamda notariat sohasiga oid savol-javoblar bo‘lib, notariuslarning javob berishda hozirjavobligi, javoblarning qisqa va lo‘nda ekanligiga e’tibor qaratildi.  

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, notariuslar ushbu tanlovga katta tayyorgarlik, ko‘tarinki ruh bilan ishtirok etdilar. Adliya vazirligining Notariat, advokatura va mediatsiya boshqarmasi boshlig‘i Ma’sum Hatamov, Yuristlar malakasini oshirish markazi o‘qituvchisi Faringiz Yusupova, Palata rahbariyati va mas’ul xodimlaridan iborat hakamlar hay’ati tanlovning xolis va shaffof olib borilishiga e’tibor qaratdilar.

Mana kutilgan daqiqalar ham yetib keldi.  

Tanlov ishtirokchilari orasida bilimli va hozirjavob ishtirokchilar - Buxoro shahrida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Durdona To‘rayeva 1-o‘rin, Xorazm viloyati Bog‘ot tumanida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius G‘anisher Mahmudov 2 o‘rin, Andijon viloyati Andijon tumanida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Isroiljon Abdurahmonov uchinchi o‘ringa munosib deb topildilar. 1-2- o‘rinlarga chet elga stajirovkaga yo‘llanma, 3- o‘ringa –televizor tantanali topshirildi.

G‘oliblarni taqdirlash marosimida Palata raisi Dilshod Ashurov tadbirda so‘zlagan kirish so‘zida faol va qonun doirasida faoliyat yuritayotgan notariuslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, qonun va normalarga rioya etgan holda aholiga yuksak saviyada huquqiy xizmat ko‘rsatayotgan notariuslarni rag‘batlantirib borish, notariat sohasida O‘zbekiston amaliyotini xorijga olib chiqish orqali mamlakat nufuzi yaxshilanishiga hissa qo‘shish Palataning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlaridan biri ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

O‘zA