AOKAda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari Dilnoza Komilova ishtirokida brifing tashkil etildi.
Unda qayd etilishicha, maishiy chiqindilarni boshqarish sohasida 313 ta maxsus texnika, 3 ming 800 dan ortiq konteyner, 3 ta chiqindi saralash va 11 ta qayta ishlash uskunasi xarid qilinib, sanitar tozalash korxonalariga yetkazib berilgan.
Shuningdek, aholiga to‘lovlarni amalga oshirishda qulaylik yaratish maqsadida Agentlikning “Toza makon” yagona elektron billing tizimi hamda uning “Toza makon” mobil ilovasi ishga tushirildi. Mobil ilova “App Store” va “Play Market” platformalariga joylashtirildi. U barcha elektron to‘lov tizimlari bilan integrasiya qilindi va amalga oshirilgan to‘lovlar onlayn tarzda to‘g‘ridan-to‘g‘ri abonentlarning shaxsiy hisob-varaqlarida aks ettirish imkoniyati yaratildi.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, chiqindixonalar davlat tasarrufiga berilgach, ularga e’tibor, munosabat va boshqaruv ham tubdan o‘zgardi. Egasiz va qarovsiz, o‘z holiga tashlab qo‘yilgan, salbiy manzaradagi chiqindixonalar endi tartibga keltirilmoqda. Hozir chiqindixonalarda atmosferaga chiqarilayotgan tashlanmalarni monitoring qilish, yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha suv havzasi, sanitar burchaklar, qorovulxona, hojatxona hamda suv quduqlari, dizbarer qurilmasi barpo etilib, uzluksiz elektr va ichimlik suvi ta’minotiga e’tibor qaratilmoqda.
Chiqindilarni boshqarish sohasida zamonaviy texnologiyalar va investitsiyalarni jalb etish maqsadida Xitoy Xalq Respublikasining 3 ta yirik kompaniyasi ishtirokida “Chiqindilarni termik qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish” loyihalari yo‘lga qo‘yildi.
Hozirda Agentlikning "1205" va "1275" ishonch raqamlari yo‘lga qo‘yilib, respublika bo‘yicha chiqindi masalalariga doir murojaat va takliflar qabul qilinishi yo‘lga qo‘yildi. Natijada 2024 yilda 5 ming 779 ta murojaat qabul qilinib, shundan 4 ming 752 tasi ijobiy hal etilgan bo‘lsa, 2025 yilning birinchi choragida esa jami 3 ming 20 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 2017 tasi ijobiy yechim topdi, qolganlariga amaldagi qonunchilik doirasida tegishli tushuntirishlar berilib, belgilangan tartibda ko‘rib chiqilmoqda.
Amerika Qo‘shma Shtatlari kompaniyasi bilan umumiy kiymati 115 million AQSH dollari bo‘lgan “Tibbiyot chiqindilaridan muqobil issiqlik energiyasi ishlab chiqarish” investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA