Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2025-yilgi Davlat dasturi ijrosi qay darajada ta’minlandi?
12:30 / 2026-02-25

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Vazirlar Mahkamasining "O‘zbekiston — 2030" strategiyasini "Atrof-muhitni asrash va "yashil iqtisodiyot” yili"da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2025-yilda bajarilishi yuzasidan hisoboti muhokama qilindi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan Bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov axborot berdi.

Bosh vazir o‘rinbosari qayd etganidek, hukumat tomonidan vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda Davlat dasturi ijrosini o‘z vaqtida va tizimli tashkil etish maqsadida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilib, bir qator normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining ishlab chiqilishida parlament bilan samarali hamkorlik tashkil etilgan.

O‘tgan davrda Davlat dasturi doirasida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida jami 226 ta normativ-huquqiy hujjat, shu jumladan 3 ta qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 29 ta hujjati, hukumatning 14 ta qarori, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining 3 ta qarori hamda 177 ta boshqa hujjatlar qabul qilingan.

Hisobot davrida har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlar yaratish borasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar doirasida 134 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi, 1 ming 187 ta oilaviy, 135 ta yangi davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etilib, bolalarning maktabgacha ta’limga qamrab olinishi 78 foizga yetkazilgan.

Shuningdek, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ulardan 331 ming nafari kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitilgan, 403 ming nafar ayolga 22,7 trillion so‘m kredit ajratilgan. “Ayollar daftari”ga kiritilgan 634,6 ming nafardan ziyod xotin-qizlarning bandligi ta’minlangan. “Yoshlar daftari” orqali 74,3 ming nafar yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 216,1 milliard so‘m yo‘naltirilgan. Ishsiz va biznesini boshlash istagidagi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Yoshlar bandligi dasturi” asosida 414,6 ming nafar yoshlarning bandligi ta’minlangan.

Fuqarolarni davlat hisobidan kasb-hunarga o‘qitish, ularning zamonaviy texnika va texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha kasbiy ko‘nikma va malakalarini rivojlantirish borasida 306,7 ming nafar ishsizlar kasb-hunar, xorijiy tillar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitilgan. 5 million aholi daromadli bo‘lib, ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizga tushgan. Qariyb 1,5 million ehtiyojmand aholi kambag‘allikdan chiqarilgan bo‘lsa, ilk bor 1 ming 435 ta mahalla “kambag‘allikdan xoli” hududga aylangan.

Aholini tibbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida 40 yoshdan oshgan 9 million aholi yurak-qon tomir kasalliklari hamda 10 million aholi qandli diabet kasalliklari bo‘yicha skrining tekshiruvidan o‘tkazilgan.  

O‘tgan yil davomida mamlakatimiz iqtisodiyoti ishonchli va barqaror o‘sishda davom etib, makroiqtisodiy o‘sish ta’minlangan. Xususan, 2025-yilda yalpi ichki mahsulot 107,7 foizga oshib, 147,1 milliard AQSH dollariga yetgan. Eksport ilk bor 33,8 milliard dollarga yetgan. Jami qiymati 43,1 milliard AQSH dollari bo‘lgan xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilib, o‘tgan yilga nisbatan 124 foiz o‘sishga erishilgan. Oltin-valyuta zaxiralarimiz ilk bor 60 milliard AQSH dollaridan oshgan.

2025-yilda suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilishning ustuvor yo‘nalishlari doirasida 14 ta hududda ichimlik suv sifatini monitoring qiluvchi markaziy laboratoriyalar tashkil etilib, namuna olish punktlari soni 220 mingtaga yetkazilgan.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida esa bahor mavsumida 265 million tup daraxt va buta ko‘chatlari ekilgan. Respublika bo‘yicha 155 ta tuman va shaharlarda “yashil bog‘lar” va “yashil jamoat parklari” yaratilib, 251 ming gektar “yashil qoplama”lar va himoya o‘rmonzorlari barpo etilgan.

Muhtarama Komilova, O‘zA