Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi tomonidan Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining respublika byudjetidan ajratilgan mablag‘lardan foydalanish hamda rivojlantirish dasturlari maqsadli indikatorlarining 2025-yildagi ijrosi to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.
Vazirlik axborotiga ko‘ra, hisobot davrida ajratilgan mablag‘lar doirasida foydali qazilmalar zaxira va resurslarini ko‘paytirish bo‘yicha muayyan ishlar qilingan. Qo‘rg‘oshin, rux, volfram, uglevodorodlar resurslari, yerosti suvlari zaxiralarini ko‘paytirish maqsadli ko‘rsatkichlari ham samarali bajarilgan.

Geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish orqali respublikaning mineral xomashyo bazasini barqaror rivojlantirish, sohaga investitsiyalarni jalb qilish va foydali qazilmalarning yangi konlarini aniqlash borasida ham muayyan ishlar amalga oshirilgan. Xususan, 2025-yilgi Davlat dasturi doirasida 33 ta yangi konlar ochilgan.

Muhokamalarda ayrim kamchiliklarga ham to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, vazirlik uchun belgilangan maqsadlarning muddatidan kech bajarilgani ta’kidlandi. Shuningdek, investitsiya dasturlarining o‘zlashtirilishi kechikayotgani bo‘yicha fikrlar bildirilib, joriy yilda yanada samarali faoliyat olib borish, byudjet mablag‘laridan foydalanish natijadorligini oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.
Tadbirdan so‘ng deputatlar “O‘zbekgidrogeologiya” Davlat muassasasining Yer osti suvlari monitoringi Situatsion markazi faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda markaz mutaxassislari tomonidan respublika hududidagi yer osti suv havzalarida o‘lchov ishlari raqamlashtirilgan holda onlayn tartibda olib borilayotgani amaliy tarzda namoyish etildi.
M.Komilova, O‘zA