French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2025 yilgacha suv xo‘jaligida davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida 25 ta loyiha amalga oshiriladi
12:17 / 2022-03-25

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari Odil Karimov ishtirokidagi matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda suv xo‘jaligida davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida 2020 yilda 5 ta, 2025 yilgacha 25 ta va 2030 yilgacha 50 ta loyihani amalga oshirish vazifalari belgilab berilgan.   

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi tomonidan respublikaning mas’ul vazirlik va idoralari bilan birgalikda 2019-2021 yillarda umumiy qiymati 2,9 milliard dollar bo‘lgan jami 265 ta davlat-xususiy sheriklik (DXSH) loyihalari bo‘yicha ishlar olib borildi. 

Shulardan suv xo‘jaligi sohasidagi loyihalar soni 105 tani tashkil etadi. Ta’kidlash lozimki, DXSH loyihalari bu avvalo uzoq muddatli shartnoma, bitimlardir. Bu kelishuvning o‘ziga xos jihatlari shundan iboratki, loyihaning xatari, moliyaviy manbalar ham xususiy sektor zimmasida bo‘ladi. 

Mazkur loyihalar avvalo suv resurslaridan oqilona foydalanish, sohaga zamonaviy texnika va texnologiyalarni jalb qilish, byudjet yukini yengillatish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, ilg‘or boshqaruv usulini joriy qilish, suv xo‘jaligi ob’ektlaridan foydalanish darajasini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi.  

Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi Suv xo‘jaligi vazirligi bilan 2020 yilda 8 ta va 2021 yilda 97 ta, jami 105 ta loyiha bo‘yicha xususiy sheriklar bilan DXSH bitimi imzoladi va agentlikda o‘rnatilgan tartibda DXSH loyihalari reyestriga kiritildi. Mazkur 105 ta loyihaning umumiy qiymati 1 trillion 233,7 milliard so‘mni tashkil etdi. 

Ushbu loyihalar O‘zbekiston Respublikasining “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonuni asosida tartibga solinadi.  Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi  Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 10 apreldagi “Suv resurslaridan oqilona foydalanish va suv xo‘jaligi ob’ektlaridan foydalanishda davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2021 yilda istisno tariqasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish orqali suv xo‘jaligi ob’ektlarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida boshqaruvga berish bo‘yicha 100 ta loyiha ro‘yxati shakllantirildi va bunda 180 dan ortiq suv xo‘jaligi ob’ektlarini xususiy sheriklar boshqaruviga berish rejalashtirildi. 


Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA