O‘zbekiston Respublikasi Ipakchilik va jo‘n sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahrom Sharipov «Kovrak plantatsiyalarini yaratish va eksport salohiyatini oshirish borasidagi istiqbolli loyihalar» mavzusida tadbirkor va investorlar bilan muloqot o‘tkazdi.
Muloqotda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 8 iyuldagi «Respublikada mavjud yaylovlardan unumli foydalanish, ipak va jo‘nni qayta ishlashni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida kovrakchilik strategiyasi va konsepsiyasiga doir muhokamalar bo‘ldi,istiqboldagi rejalar xususida fikr almashildi.

Ma’lumki, kovrak cho‘l yaylov o‘simligi bo‘lib, undan farmatsevtika, tibbiyot, oziq - ovqat, qishloq xo‘jaligi va boshqa bir qator yo‘nalishlarda foydalaniladi. Kovrak mahsulotlarining jahon bozoridagi yillik aylanmasi 17 milliard dollarni tashkil qilib, asosiy xom ashyo yetishtiruvchi davlatlar Afg‘oniston va O‘zbekiston Respublikalari hisoblanib, bunda mamlakatimizning eksportdagi ulushi hajmi 6 million dollarni tashkil qiladi.
–Tabiiy holda o‘suvchi dorivor o‘simliklar zaxiralaridan barqaror foydalanish, jumladan, kovrak dorivor o‘simliklarining plantatsiyalarini tashkil etish va ularning xom ashyosini qayta ishlash hajmlarini ko‘paytirish zarur, –deydi Bahrom Sharipov. – Chunki kovrak plantatsiyalaridan foydalanish bo‘yicha ilmiy asoslangan tizimli yondashuvning yo‘qligi, lozim agrotexnik tadbirlar tizimli ravishda o‘rganilmaganligi bois, yil sayin plantatsiyalar qisqarib, o‘rtacha hosildorlik kamayib bormoqda. Hozir davlatimiz rahbarining topshiriqlari asosida kovrak dorivor o‘simligi maydonlarini kengaytirish, plantatsiyalar tashkil qilish va ularni qayta ishlashni rivojlantiryapmiz. Xususan, yiliga kamida ming gektar maydonda yangi plantatsiyalar tashkil qilish va mavjud tabiiy kovrakzorlar holatini yaxshilash orqali xom ashyo yetishtirish hajmini 16 barobarga oshirish imkoni mavjud.

Shuningdek, muloqot davomida mamlakatimizda 2022-2025 yillarda 7 ta kovrakchilik klasteri tashkil qilinib, 7 ming gektar yerga madaniy kovrakzor tashkil qilinishi aytib o‘tildi. 210 millionta kovrak ko‘chati yetishtirilib, madaniy kovrakzorlar yaratuvchi tadbirkorlarga yetkazib berilib, 2025 yilga kelib eksport miqdori 1 milliard 200 million AQSH dollariga yetkazilishi hamda 42 ming doimiy va 35 ming mavsumiy ish o‘rni yaratilishi ta’kidlandi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA