Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2025 yildan xalqaro ko‘rgazmalar «Central Asian Expo Uzbekistan» xalqaro ko‘rgazma markazida o‘tkaziladi
10:49 / 2024-08-21

«Iteca Exhibitions» xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi mamlakatimizda o‘tkazilayotgan xalqaro ko‘rgazmalarning asosiy tashkilotchisi hisoblanadi. Keyingi paytda ushbu tadbirlarga mahalliy va xorijlik ishlab chiqaruvchilar tomonidan katta qiziqish bildirilmoqda.

Shu sababli, 2025 yildan boshlab «Iteca Exhibitions» xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi o‘z tadbirlarini nafaqat «O‘zekspomarkaz» markaziy ko‘rgazmalar majmuida, balki yangi va zamonaviy «Central Asian Expo Uzbekistan» xalqaro ko‘rgazma markazida ham o‘tkazishni rejalashtirmoqda.  

«Iteca Exhibitions« xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi menejeri Nodira Hayitboyeva bu haqda O‘zA muxbiriga quyidagilarni ma’lum qildi:  

– Mamlakatimizda ishlab chiqaruvchilarga yaratilayotgan katta imkoniyatlar bunga asosiy sababdir. Bunday qulaylikdan ishbilarmonlar o‘zi ishlab chiqarayotgan mahsulotlarni eksportga yo‘naltirish va shu maqsadda xalqaro hamkorlarni topishga harakat qilmoqda.  

Poytaxtimizda tashkil etilayotgan xalqaro ko‘rgazmalar ishbilarmonlarga ana shunday katta maydonni yaratib beryapti. Ular ko‘plab davlatlardan kelgan xorijiy ishlab chiqaruvchilar bilan muloqotga kirishib, hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda. O‘z navbatida, bunday tanishuv chet davlatlaridan kelganlar uchun ham qulay fursat yaratmoqda.  

Bunday talablar esa «Iteca Exhibitions» xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi va uning xorijlik hamda mahalliy hamkorlariga ko‘rgazma maydonlarini kengaytirish vazifasini qo‘ymoqda. Negaki, ayrim soha ishtirokchilari uchun «O‘zekspomarkaz» markaziy ko‘rgazmalar majmuidagi maydonlar yetarli emasligi ma’lum bo‘lyapti. Toshkentdagi «Central Asian Expo Uzbekistan» xalqaro ko‘rgazma markazi ana shunday bo‘shliqni to‘ldirishga xizmat qiladi.  

Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Jahon ko‘rgazma sanoati uyushmasi (UFI), Yevropa-O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik uyushmasi (EuroUz) va O‘zbekistondagi Amerika savdo palatasi (AmCham) mazkur kompaniyaning amaliy a’zosi hisoblanadi.  

1995 yilda birinchi B2B ko‘rgazmasini o‘tkazgan ushbu kompaniya O‘zbekistonda ko‘rgazma sanoatini rivojlantirishni o‘z oldiga maqsad qildi. 29 yillik tajribaga ega «Iteca Exhibitions» portfoliosida 20 ta xalqaro ko‘rgazma va 4 ta anjuman mavjud bo‘lib, ular har yili 57 mamlakatdan 4 mingdan ortiq eksponat va 3 ming 500 delegatni, shuningdek, 105 mingdan ziyod tomoshabinni jalb qiladi.  

So‘nggi yillarda O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi xalqaro ko‘rgazmalarda qatnashuvchilar sonining ko‘payishiga yordam berdi. Ta’kidlaganimizdek, kompaniya yirik loyihalarni joylashtirish uchun ko‘rgazma maydonlarining yetishmasligiga duch keldi. Bu esa ko‘rgazma taqvimining o‘zgarishiga olib keldi. Masalan, «UzFood», «AgroWorld Uzbekistan», «MebelExpo Uzbekistan», «AquaTherm Tashkent» va «TextileExpo Uzbekistan» ko‘rgazmalari turli sanalarda alohida tadbirlar sifatida o‘tkazila boshlandi. Bu «O‘zekspomarkaz» ko‘rgazmalarining umumiy jadvaliga ta’sir ko‘rsatdi. Biroq ushbu chora-tadbirlar faqat maydon yetishmasligi muammosini vaqtincha hal qildi.Shu bilan birga, O‘zbekiston iqtisodiyotining doimiy o‘sishi boshqa tashkilotchilarning ko‘rgazma maydonlariga bo‘lgan talabini kuchaytirdi.  

Zamonaviy «Central Asian Expo Uzbekistan» xalqaro ko‘rgazma markazining bunyod etilishi yirik ko‘rgazmalar uchun yangi imkoniyatlarni ochdi. Shu tariqa, 2025 yildan yangi joyda bir qator ko‘rgazma loyihalarini o‘tkazish rejalashtirilgan. Unga ko‘ra, «UzBuild», «BuildTech», «TIHE», «Uzbekistan Energy Week: OGU – O‘zbekiston neft va gazi, «Power Uzbekistan», «CAITME» xalqaro ko‘rgazmalari muntazam ushbu yangi manzilda tashkil etiladi.  

Ayni kunlarda kompaniya hamkorlari bilan galdagi, ya’ni «Markaziy Osiyo xalqaro to‘qimachilik mashinasozligi ko‘rgazmasi – CAITME 2024» namoyishiga taraddud ko‘rmoqda. Ko‘rgazma shu yilning sentyabr oyida «O‘zekspomarkaz» markaziy ko‘rgazmalar majmuida bo‘lib o‘tadi, – dedi Nodira Hayitboyeva.  

O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva  

yozib oldi.