Bugungi kunda "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJ hamda Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan magistral elektr tarmoqlarini, podstansiyalarni rivojlantirish, modernizatsiya qilish va raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha bir qator investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Bu haqda "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJ boshqarma boshlig‘i Mehri Valiyeva quyidagicha ma’lumot berdi:
–2024 yilda ushbu maqsadlarga qaratilgan 23 ta yirik investitsiya loyihasi doirasida 412 million dollar qiymatidagi ishlar rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 424,8 million dollarlik ish bajarildi. Reja 103,1 foizni tashkil etdi.
Investitsiya dasturi doirasida 550,5 kilometr uzunlikda 220-500 kilovolt kuchlanishli magistral elektr tarmog‘i hamda 1002 megavolt-amper quvvatga ega 1 ta 500 kilovoltli va 750 megavolt-amper quvvatga ega 2 ta 220 kilovoltli yangi podstansiya qurib, foydalanishga topshirildi. Bundan tashqari, modernizatsiya va rekonstruksiya dasturi doirasida respublikada 4 ta podstansiya quvvati 617 megavolt-amperga oshirildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 31 yanvardagi qarori asosida 2025 yilda magistral elektr tarmoqlari va podstansiyalarni rivojlantirish bo‘yicha 16 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bunda jami 510,7 million dollarlik ishlar bajariladi.
Loyihalar 251,3 million dollar xalqaro moliya institutlarining davlat kafolati ostidagi uzoq muddatli va imtiyozli kreditlari, 210 million dollari boshqa xorijiy investitsiyalar, 49,4 million dollari esa aksiyadorlik jamiyatining o‘z mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladi.
2025 yilda umumiy qiymati 259,2 million dollar bo‘lgan 6 ta investitsiya loyihasi doirasida 220-500 kilovolt kuchlanishli 485,0 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmog‘i va 102 megavolt-amper quvvatga ega 2 ta podstansiya ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Xususan, Toshkent shahri va Toshkent viloyati iste’molchilarini elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida 1 602 megavolt-amper quvvatga ega 500 kilovoltli podstansiya hamda 220 kilovoltli va 72 kilometr 500 kilovoltli elektr uzatish tarmog‘i foydalanishga topshiriladi.
Buxoro viloyatida qurilayotgan 500 megavatt quvvatli shamol elektr stansiyasini energetika tarmog‘iga ulash uchun 137 kilometr uzunlikdagi 500 kilovolt kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘i ishga tushiriladi.
Toshkent viloyatida texnoparkni elektr energiyasi bilan ta’minlash sifatini oshirish maqsadida 31 kilometr uzunlikdagi 220 kilovoltli elektr uzatish tarmog‘i hamda 500 megavolt-amper quvvatga ega 220 kilovoltli podstansiya foydalanishga topshiriladi.
Shuningdek, modernizatsiya dasturi doirasida 5 ta podstansiyada jami 617 megavolt-amper qo‘shimcha quvvat yaratiladi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA