Yoqilg‘i mahsulotlarining sifati transport xavfsizligi, atrof-muhit muhofazasi hamda aholi salomatligi uchun muhim omil hisoblanadi. Shu bois, neft mahsulotlarining davlat standartlariga muvofiqligi ustidan tizimli va qat’iy nazorat o‘rnatilib, joylarda muntazam tekshiruvlar amalga oshirilmoqda.
Aholini sifatli va ekologik jihatdan xavfsiz yoqilg‘i bilan ta’minlash maqsadida "O‘zenergoinspeksiya"ning nazorat-kimyo laboratoriyalari tomonidan 2025 yil davomida neft mahsulotlari sifati bo‘yicha keng qamrovli nazorat tadbirlari o‘tkazildi. Ushbu tadbirlar doirasida 799 ta AYOQSH hamda turli korxonalarda tekshiruvlar o‘tkazilib, jami 2 ming 289 ta neft mahsuloti namunasi olindi.
Laboratoriya tahlillari natijalariga ko‘ra, 247 ta sub’ektda davlat standart talablariga javob bermaydigan holatlar aniqlandi. Xususan, umumiy hajmi 8 million 962 ming litrni tashkil etgan neft mahsulotlarining sifat ko‘rsatkichlari belgilangan me’yorlarga mos kelmasligi ma’lum bo‘lib, ushbu mahsulotlarning iste’mol bozoriga chiqarilishi o‘z vaqtida cheklandi.
Aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan tegishli xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga neft mahsulotlari sifatini tiklash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, ushbu ko‘rsatmalar ijrosi belgilangan tartibda qat’iy nazoratga olindi.
Inspeksiya axborot xizmatiga ko‘ra, texnik reglament talablariga javob bermaydigan, atmosfera havosiga me’yordan ortiq zaharli moddalar chiqishiga sabab bo‘luvchi yoqilg‘i-moylash materiallarini realizatsiya qilish qonunchilikka zid ekani qayd etildi. Bunday holatlar uchun amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq tegishli javobgarlik choralari qo‘llanilishi belgilangan.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA