O‘tgan yilda O‘zbekiston eksporti $33,4 mlrdga yetib, 2024 yilga nisbatan 23 foizga oshdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar sanoat va savdo vazirligi ma’lumot berdi.
Qayd etilganidek, eksport geografiyasi 131 ta mamlakatni qamrab oldi. 2026 yilda bu ko‘rsatkich $40 milliardni tashkil etishi kutilmoqda.
Eksport hajmining o‘sishi, avvalo, yangi yo‘nalishlar hisobiga ta’minlandi. Jumladan, IT-xizmatlar $940 million, turizm $5,0 milliarld, shuningdek oziq-ovqat mahsulotlari va qurilish materiallari har biri $1,1 milliardni tashkil etib, eksportning muhim manbalariga aylandi. Mazkur yo‘nalishlar eksport tarkibining barqaror kengayishi va diversifikatsiyasini ta’minlamoqda.

O‘tgan yilda O‘zbekistonda o‘zlashtirilgan investitsiyalarning umumiy hajmi $43,1 milliardga yetib, 2024 yilga nisbatan 24 foizga oshdi. Asosiy ulushni to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar - $38,2 milliard, shuningdek xalqaro moliya institutlari mablag‘lari - $4,9 milliardni tashkil etdi.
Qayd etish joiz, O‘zbekiston bozoriga yetakchi jahon brendlarining kirib kelishi hamda Xitoy, Rossiya, Turkiya, Saudiya Arabistoni va BAA bilan hamkorlikning izchil rivojlanishi investitsiyaviy ishonchning oshib borayotganidan dalolat beradi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA