Bu haqda "Uzbekistan Airports" matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda qayd etilishicha, 2025 yil yakunlariga ko‘ra, "Uzbekistan Airports" yo‘lovchilar oqimi, aviareyslar soni hamda yuk tashish hajmlarida barqaror o‘sishni qayd etdi.
Yanvar–dekabr oylarida mamlakat aeroportlari jami 128 ming 972 ta aviareysga xizmat ko‘rsatdi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 14 foizga ko‘p. Shundan 92 ming 480 ta reys xalqaro, 36 ming 492 ta reys esa ichki yo‘nalishlarda amalga oshirildi.

Yil davomida O‘zbekiston aeroportlari orqali 15,5 million yo‘lovchi safar qildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 15 foizlik o‘sishni tashkil etadi. Yo‘lovchilarning 12,7 millioni xalqaro, 2,8 millioni esa ichki reyslar hissasiga to‘g‘ri keldi.
Yuk tashish sohasida ham ijobiy dinamika saqlanib qoldi. 2025 yilda aeroportlar orqali 98 ming 137 tonna yuk va pochta tashilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 12 foizga ko‘p.
Shuningdek, o‘tgan yilda O‘zbekiston aeroportlariga to‘rtta yangi xalqaro aviakompaniya jalb etildi. Ular orasida Xitoyning "Air China" va "China Eastern", Koreyaning "T’Way", shuningdek, Malayziyaning "AirAsia" aviakompaniyalari bor.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA