O‘zbekistonda 2025 yil davomida mehnat faoliyati bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar oqibatida 248 nafar xodim halok bo‘lgan.
Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Xabarda qayd etilishicha, respublikada jami 849 ta mehnat bilan bog‘liq baxtsiz hodisa ro‘y bergan. Ulardan 216 tasi o‘lim bilan, 583 tasi og‘ir oqibatli, 50 tasi guruhiy hodisalar sifatida qayd etilgan. Jabrlanganlar soni 961 nafar bo‘lib, ulardan 680 nafari og‘ir, 33 nafari yengil jarohat olgan, 248 nafar esa vafot etgan.
Xabarda eng xavfli sohalar haqida ma’lumot keltirilgan. Unga ko‘ra, eng ko‘p baxtsiz hodisalar qurilish sohasida yuz bergan — 234 ta holat. Shu bilan birga, Yengil sanoat – 47 ta, Transport – 37 ta, Qishloq va suv xo‘jaligi – 36 ta, Energetika – 34 ta, Sog‘liqni saqlash – 27 ta, Navoiy KMK – 22 ta, Olmaliq KMK – 11 ta, Kimyo sanoati – 11 ta, Maktabgacha ta’lim – 8 ta, boshqa sohalar – 370 tani tashkil etgan.
Eng ko‘p baxtsiz hodisalar Toshkent shahrida – 153 tani tashkil etgan.
Mehnat qoidalariga rioya qilinmagani sababli 432 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, shuningdek 241 nafar shaxsga ma’muriy jarima qo‘llangan. Bu choralar mehnat xavfsizligini ta’minlash va jinoiy oqibatlarning oldini olishga qaratilgan.
Sh.Mamaturopova, O‘zA