French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2025-yilda mamlakatimizda 3,2 million tonna go‘sht yetishtirilgan
11:45 / 2026-02-19

Yurtimizda chorvachilikni rivojlantirish, chorva ozuqa bazasini mustahkamlash, aholining yirik chorvachilik xo‘jaliklari va chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlovchilar bilan hamkorlikdagi faoliyatini kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Bu aholini xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan chorvachilik va parrandachilikni qo‘llab-quvvatlash, sohada yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish va aholi bandligini ta’minlash yuzasidan belgilangan vazifalar ijrosi Toshkent viloyati misolida nazorat-tahlil tartibida o‘rganildi.

Deputatlar dastlab Qibray tumanida bo‘lib, chorvachilikka ixtisoslashgan sub’ektlar faoliyati bilan tanishdi. Muloqotlar chog‘ida naslchilik, parrandachilik komplekslari tomonidan oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, istiqboldagi vazifalar, qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan takliflar muhokama qilindi.

Shuningdek, xalq vakillari Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti va bir qator tadbirkorlik sub’ektlarida ham bo‘lib, ularning faoliyati bilan tanishdi.  

Uchrashuvlar davomida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi mutasaddilari tomonidan qayd etilganidek, 2025-yilda mamlakatimizda 3,2 mln. tonna go‘sht, shundan 1 mln. tonna parranda go‘shti, 13,2 mln. tonna sut, 10,5 mlrd. dona tuxum yetishtirilgan. Jumladan, Toshkent viloyatida 344,5 ming tonna go‘sht, 1,2 mln. tonna sut, 1,9 mlrd. dona tuxum yetishtirilgan.

Shu bilan birga, parranda mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha “Agroparranda klasteri” loyihasi doirasida Ohangaron, Bekobod va O‘rtachirchiq tumanlarida quvvati 2,5 mln. bosh naslli parranda boqishga mo‘ljallangan naslchilik xo‘jaligi qurilib, bir qismi ishga tushirilgan.

O‘rganishlar davomida viloyatdagi aholi xonadonlari va chorvachilik xo‘jaliklaridagi 270 ming boshdan ortiq hayvonlar identifikatsiya qilinib, ularning elektron hisobini yuritish yo‘lga qo‘yilgani aniqlandi.

Deputatlar sohada belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida bajarish, chorvachilik va parrandachilik tarmoqlarida yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha takliflar berdi.

M.Komilova, O‘zA