Farmatsevtika sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, sohada mavjud muammolarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha taklif va tashabbuslarni muhokama qilish maqsadida Bojxona qo‘mitasida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Uchrashuvda Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov, Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov, Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev, shuningdek, Markaziy bank va boshqa manfaatdor tashkilotlar mas’ullari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, Prezidentimiz tomonidan farmatsevtika sohasini tartibga solish, aholini sifatli va xavfsiz dori vositalari bilan ta’minlashga qaratilgan barqaror va shaffof tizimni shakllantirish vazifasi doimiy e’tibor markazida bo‘lib kelmoqda. Ushbu topshiriqlar ijrosi doirasida so‘nggi yillarda bir qator muhim me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Xususan, 2024 yil 23 yanvarda qabul qilingan tegishli farmonga muvofiq, 2026 yildan boshlab dori vositalarini faqatgina “Zarur saqlash amaliyoti — GSP” talablariga javob beradigan bojxona omborlari va erkin omborlarda saqlash tartibi joriy etiladi. Ayni paytda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tizimidagi 63 ta korxona tomonidan olib kirilgan umumiy qiymati 379 million dollarga teng dori vositalari va tibbiy uskunalar bojxona omborlarida saqlanmoqda.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda farmatsevtika mahsulotlari va tibbiyot buyumlari bo‘yicha tashqi savdo aylanmasi 2 milliard dollarga yetdi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 18 foizga yoki 300 million dollarga oshgan. Importning asosiy qismi Hindiston, Rossiya, Xitoy, Turkiya va Germaniya davlatlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Ochiq muloqot davomida tadbirkorlar tomonidan dori vositalarini chet eldan olib kirish va bojxonada rasmiylashtirish jarayonlari, referent narxlar asosida bojxona qiymatini belgilash, import qilingan dori vositalarini ichki bozorda realizatsiya qilishda soliq hisobotlarini yuritish va soliqlarni to‘lash, shartnomalar tuzish hamda tashqi savdo shartnomalari bo‘yicha xorijiy hamkorlar bilan hisob-kitoblar masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilgan muammolarning aksariyati uchrashuvning o‘zidayoq ijobiy hal etildi. Ayrim masalalar bo‘yicha esa Bojxona qo‘mitasi huzurida ishchi guruh tashkil etilib, ularni qonunchilik doirasida hal etish hamda tadbirkorlarga amaliy yordam ko‘rsatish belgilandi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA