Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2025 yilda buxgalteriya hisobi va audit sohasida qanday islohotlar amalga oshirildi?  – Mutaxassis javob berdi
16:05 / 2026-02-05

Bugungi kunda respublikamizda buxgalteriya hisobi va auditorlik faoliyatini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, moliyaviy hisobotlar shaffofligini ta’minlash hamda investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda.

Xususan, 2025 yil davomida ushbu sohada qator muhim qarorlar qabul qilinib, yangi mexanizmlar joriy etildi. Mutaxassislar malakasini oshirish, raqamlashtirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Mazkur yangiliklar va amalga oshirilgan ishlar xususida Iqtisodiyot va moliya vazirligining Buxgalteriya hisobi metodologiyasi va auditorlik faoliyatini tartibga solish boshqarmasi boshlig‘i Otabek Barakayev O‘zA muxbiriga intervyu berdi.

– Avvalo, buxgalteriya hisobi va auditorlik faoliyatini takomillashtirishda qanday muhim normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqildi va ularning ijrosi qay darajada ta’minlanmoqda?

– 2025 yil davomida mamlakatimizda buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobot tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Xususan, moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o‘tishni rag‘batlantirish, tadbirkorlik sub’ektlari uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish, tashqi sifat nazorati tizimini takomillashtirish, buxgalter va auditorlarning huquqiy maqomi hamda kasbiy nufuzini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.

Bu jarayonni yanada tizimli tashkil qilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 15 sentyabrdagi “Moliyaviy hisob tizimini xalqaro talab va standartlarga muvofiq takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori qabul qilinib, buxgalteriya hisobi tizimini xalqaro standartlarga moslashtirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi. Ushbu qaror moliya va kapital bozorlarida shaffoflikni oshirish, xalqaro investorlar ishonchini kuchaytirish va uzoq muddatli sarmoyalarni jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

– Mamlakatimizda ilk bor jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar toifasi huquqiy jihatdan belgilandi. Bu nimani anglatadi?

– Ushbu qarorga muvofiq, mamlakatimizda ilk bor jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar toifasi huquqiy jihatdan belgilandi. Bu toifaga faoliyati, aktivlari, tushumi yoki iqtisodiy-ijtimoiy ta’siri keng doiradagi manfaatdor tomonlarga daxldor bo‘lgan tashkilotlar kiritildi.

Jumladan, fond birjasidagi ommaviy kompaniyalar, tijorat banklari va moliyaviy tashkilotlar, investitsiya fondlari, birjalar, davlat ulushi yuqori bo‘lgan yirik korxonalar hamda aktivlari, tushumi va xodimlar soni belgilangan mezonlarga javob beradigan yirik tashkilotlar ushbu toifaga kiritildi.

Bunday tashkilotlar reyestrga kiritilganidan keyin moliyaviy hisobni xalqaro standartlar asosida yuritishi, moliyaviy hisobotni xalqaro audit standartlari asosida tekshirtirishi va uni ochiq e’lon qilishi shart etib belgilandi. Reyestr har yili ochiq ma’lumotlar portali va hukumat portallariga joylashtiriladi.

– Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarini (MHXSjoriy etish va mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qanday ishlar olib borildi?

– 2025 yil davomida buxgalteriya va audit sohasida metodologik kengash tashkil etildi. Unda mahalliy va xorijiy ekspertlar ishtirok etib, xalqaro standartlarni joriy qilish bilan bog‘liq muammolar muhokama qilindi va amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.

Tadbirkorlik sub’ektlariga uslubiy yordam ko‘rsatish, ERP va boshqa dasturiy ta’minotlarda xalqaro standartlar bo‘yicha hisobot shakllarini avtomatik to‘ldirish mexanizmlarini joriy etish, Yagona hisobotlar tizimiga integratsiya qilish ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, buxgalterlar va auditorlar uchun raqamli bilimlar bo‘yicha malaka oshirish dasturlari yo‘lga qo‘yildi, audit sohasida ta’lim dasturlari xalqaro standartlarga moslashtirildi.

Barqaror rivojlanish va ESG hisobotini tayyorlash qoidalarini joriy etish bo‘yicha ham tegishli qaror loyihalari ishlab chiqildi.

–  Buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash yo‘nalishi bo‘yicha olib borilgan ishlar natijasi qanday?

– 2025 yilda buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida imtihon xarajatlarini qoplash bo‘yicha 1515 ta ariza ko‘rib chiqilib, 895 nafar talabgor uchun 1208,7 million so‘m mablag‘ qoplab berildi. Shuningdek, o‘qitish xarajatlarini qoplash bo‘yicha 430 nafar tinglovchi uchun 1982,4 million so‘m ajratildi.

Bugungi kunda mamlakatimizda 1470 ga yaqin mutaxassis xalqaro sertifikatlarga ega. ACCA bilan hamkorlik doirasida 14 ta o‘quv markazi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tdi. IFRS bo‘yicha bepul masofaviy ta’lim platformalarida esa 13 mingdan ortiq tinglovchi tahsil olmoqda.

– Auditorlik faoliyati sohasida qanday ishlar amalga oshirildi?

– 2025 yil yakuniga ko‘ra, respublikada 175 ta auditorlik tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Auditor malaka sertifikatiga ega mutaxassislar soni  esa 1296 nafarga yetdi.

Auditorlik tashkilotlari faoliyati shaffofligini ta’minlash maqsadida “Audit” dasturiy majmuasi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi. Shuningdek, jinoiy daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish milliy tizimini baholash bo‘yicha xalqaro talablarga muvofiq tayyorgarlik ishlari olib borildi.

– Xalqaro hamkorlik va normativ bazani takomillashtirish bo‘yicha qanday chora-tadbirlar  ko‘rildi?

– 2025 yil davomida buxgalteriya hisobi va audit sohasiga doir qariyb 20 ta normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqildi. 18 ta xalqaro konferensiya, seminar va uchrashuvlarda ishtirok etildi. Jumladan, Jahon banki, MHXS fondi, ACCA va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlandi.

Shu bilan birga, idoralararo elektron tizim orqali kelib tushgan 900 ga yaqin topshiriq va murojaatlar belgilangan muddatlarda bajarildi.

Umuman olganda, 2025 yil davomida buxgalteriya hisobi va auditorlik faoliyati sohasida amalga oshirilgan islohotlar moliya va kapital bozorlarida shaffoflikni oshirish, xalqaro investorlar ishonchini mustahkamlash va mamlakat iqtisodiyotiga uzoq muddatli sarmoyalarni jalb qilish uchun mustahkam asos yaratdi. Bu jarayonlar esa milliy iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.

O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva

 suhbatlashdi.