Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2025 yilda birja savdolarida 4 307,3 kg oltin va 323,0 kg kumush sotildi
08:30 / 2026-02-06

Mamlakatimizda ochiq va shaffof bozor munosabatlarini rivojlantirish, tovar va xomashyo resurslaridan samarali foydalanish hamda raqobat muhitini kuchaytirishda birja savdolari muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, raqamli texnologiyalarni joriy etish, savdo jarayonlarini avtomatlashtirish va tadbirkorlar uchun qulay mexanizmlarni kengaytirish bu sohaning izchil taraqqiyotiga xizmat qilmoqda.

“O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” aksiyadorlik jamiyatining markaziy ofisida ommaviy axborot vositalari uchun “UZEX faoliyatining 2025 yil yakunlari” mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumanida  bu borada amalga oshirilgan ishlar tahlil etildi.

Bu haqda “O‘zRTXB” AJ matbuot kotibi Hikmatullo Tillaboyev quyidagilarni ta’kidladi:

– Shuni alohida aytish kerakki, 2025 yilda O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi faoliyatining barcha yo‘nalishlari bo‘yicha ijobiy natijalarga erishildi.

O‘tgan yili “Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining prognozini “barqaror”dan “ijobiy”ga oshirib, kompaniya xalqaro reytingini “B” darajasida tasdiqladi. Bu qaror birjaning samarali korporativ boshqaruvi natijasi sifatida baholanmoqda. 

2025 yil yakunlariga ko‘ra,  O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 2024 yilga nisbatan 31 foizga o‘sdi, shu jumladan,  birja savdolari  24 foizga, elektron davlat xaridlari  46 foizga, ko‘rgazma-yarmarka savdolarim 9 foizga va telefon raqamlarning sotuv hajmlari 55 foizga ko‘tarildi.

Birja savdolari va elektron tijorat tizimlarida ro‘yxatdan o‘tgan yangi mijozlarning soni 30,1 mingtaga ko‘paydi. Bunda birja savdolari platformasida 4,7 mingta yangi mijozlar, elektron tijorat va davlat xaridlari tizimlarida esa 25,4 mingta yangi ishtirokchilar ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Birja savdolari bo‘yicha tuzilgan eng yirik bitimlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari (37%), yoqilg‘i energetika (25%), qora va rangli metallar (23%), kimyo va neftkimyo mahsulotlari (11%) ulushlariga to‘g‘ri keldi.

2025 yilda O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining birja savdolari orqali 4 630,3 kilogramm (o‘sish - 59%) qimmatbaho metallar, shu jumladan, 4 307,3 kg oltin va 323,0 kg kumush sotildi. Ko‘rib chiqilayotgan davrda 1 gramm oltin uchun birjada shakllangan o‘rtacha haftalik kotirovkasi 1 096,0 ming so‘mdan 1 664,9 ming so‘mgacha, ya’ni 52 foizga o‘sdi.

2025 yilda birjaning davlat xaridlari bo‘yicha xarid.uzex.uz elektron savdo tizimida o‘tkazilgan savdolar natijasida byudjet va korporativ buyurtmachilari tomonidan tejalgan mablag‘larning umumiy hajmi avvalgi yilga nisbatan qariyb 26 foizga o‘sib, 9,8 trillion so‘mni tashkil qildi.

Shuningdek, mobilraqam.uzex.uz savdo tizimida 7 mingdan ziyod telefon raqamlar onlayn-auksionlar orqali sotildi. Sotilgan raqamlarning 96 foiz jismoniy shaxslar, 4 foiz  yuridik shaxslar tomonidan xarid qilingan. Sotilgan raqamlarning eng past bahosi 31,5 ming so‘mni, eng qimmat raqamning qiymati esa 800,0 mln so‘mni tashkil qildi.

Mazkur ko‘rsatkichlarga erishishda UZEX da joriy qilingan yangi xizmat turlari va savdo vositalari hamda savdo ishtirokchilari uchun yaratilgan qulayliklar o‘z ko‘magini bergan.

Bundan tashqari,,  UZEX birjasi Fyuchers industriyasi uyushmasi (FIA) xalqaro tashkilotiga a’zo bo‘lib, derivativ bozorlari va kliring tizimlarini rivojlantirish yo‘lida yangi imkoniyatlarga ega bo‘ldi. Shuningdek, CME Group, ICE, NASDAQ va LME kabi nufuzli xalqaro birjalari bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlandi.

Qobulda Afg‘onistonning “Ghazanfar Bank” banki bilan hamkorlikda birjaning savdo maydonchasi ochildi hamda uning filiallari Mozori-Sharif, Xayraton va qo‘shni mamlakatning boshqa yirik shaharlarida o‘z faoliyatini boshladi. Surxondaryo viloyatidagi “Ayritom” erkin iqtisodiy zonasi va Xorazm viloyatining “Shovot-Toshhovuz” chegaraoldi savdo zonasida birjaning savdo maydonchalari ham ishga tushirildi.

Muxtasar aytganda, UZEX birjasi kelgusida ham faqat savdo hajmlarini oshirish bilan cheklanib qolmay, mijozlar manfaatini ustuvor qo‘ygan holda ilg‘or savdo vositalari va servislarni joriy etib, bozor ishtirokchilari uchun yanada qulay, shaffof va zamonaviy savdo ekotizimini rivojlantirishni davom ettiradi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA