Ijtimoiy himoya milliy agentligining ma’lum qilishicha, 2025 yil davomida aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat tomonidan jami 14 trln. 127,6 mlrd. so‘m mablag‘ to‘lab berildi. Ushbu mablag‘lar ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishi va munosib turmush darajasini ta’minlashga qaratildi.
Jumladan, ajratilgan mablag‘lar quyidagi yo‘nalishlarga sarflandi. Kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam to‘lovlari uchun — 4 trln. 196 mlrd. so‘m, pensiya tayinlash uchun yetarli ish stajiga ega bo‘lmagan fuqarolarga ijtimoiy nafaqalar to‘lovi uchun — 5 trln. 305,4 mlrd. so‘m, nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalar nafaqasi uchun — 2 trln. 35 mlrd. so‘m.
O‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolaning parvarishi bilan band bo‘lgan qonuniy vakillarga nafaqalar, shuningdek, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar va yolg‘iz nogironligi bo‘lgan shaxslarga moddiy yordam to‘lovlari uchun — 773,6 mlrd. so‘m, bir martalik suyunchi hamda dafn nafaqalari uchun — 496,4 mlrd. so‘m.
Yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarini bosqichma-bosqich bozor tamoyillariga o‘tkazish davrida aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida kompensatsiya va bir martalik moddiy yordam to‘lovlari uchun — 1 trln. 226 mlrd. so‘m, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan shaxslarga moddiy yordam ko‘rsatish uchun — 14,6 mlrd. so‘m, boshqa ijtimoiy to‘lovlar uchun — 80,6 mlrd. so‘m ajratilgan.
Mazkur ijtimoiy yordam mablag‘larining manzilli va samarali yo‘naltirilayotgani fuqarolarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularning barqaror daromad manbai hamda munosib turmush darajasiga erishishini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Bu esa davlat tomonidan aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash ishlari tizimli va izchil asosda amalga oshirilayotganini yaqqol tasdiqlaydi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA