Yurtimizda aholini meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash hamda eksportni ko‘paytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, oziq-ovqat xavfsizligini va ichki bozorlarda narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida 2025 yil hosili uchun qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirishda hududlarning ixtisoslashuvi, tabiiy-iqlim sharoiti, ichki va tashqi bozorlarda mahsulotga mavjud talab, maydonlarning suv bilan ta’minlanganlik darajasi inobatga olingan. Kam hosildor va rentabelligi past paxta maydonlari 125 ming gektarga, g‘alla maydonlari 50 ming gektarga qisqartirilib, suv kam talab qiladigan, hosildorligi va daromadi yuqori eksportbop ekinlar joylashtirilgan.
2024-2025 yillar mobaynida 125 ta mahsulot yetishtiruvchilardan kelib tushgan va tuman ishchi guruhining ijobiy xulosalariga asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda xarajatlarning bir qismini qoplash uchun 28,3 milliard so‘m subsidiya mablag‘lari ajratib berilgan. Qishloq xo‘jaligi sohasini qo‘llab-quvvatlashga 2022-2025 yillarda jami 1 trillion 63 milliard so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilgan.

Bundan tashqari, 2025 yilda jami 500 ming gektar maydonlarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan. Suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun 5 yil muddatga imtiyozli davr bilan kreditlar ajratilishi belgilangan.
Suv tejash uskunalarini ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalarning soni 60 tani tashkil etib, mahalliylashtirish darajasi 80 foizga, yillik ishlab chiqarish quvvati esa 250-300 ming gektarga yetkazilgan. Natijada respublikada jami 2,5 mln. gektar maydonlar suv tejovchi texnologiyalar yordamida sug‘orilmoqda. Shuningdek, 1,6 mln. gektar maydonlarda lazerli tekislash ishlari amalga oshirilgan.

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasining yig‘ilishida aytib o‘tildi. Unda Qishloq xo‘jaligi va Suv xo‘jaligi vazirliklari hamda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining “Hududlarda meva-sabzavot ekin maydonlarini kengaytirishga, dala chetlaridan foydalanishga, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishga hamda sohaga ajratilayotgan subsidiyalar samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ijrosi to‘g‘risida”gi masala yuzasidan axboroti eshitildi.
Eshituvda taqdim etilgan axborotga ko‘r, joriy yil davomida respublika bo‘yicha dala chetlaridagi 30 ming 64 gektar maydonga 28 mln. dona hamda kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi 10 ming 41 gektar maydonga 9,3 mln. dona mevali daraxt ko‘chatlarini ekish ishlari tashkil qilingan.
Muhokamalarda deputatlar dala chetlarida ekilgan ko‘chatlar uchun zarur agrotexnik tadbirlarni olib borish, hududlarda meva-sabzavot maydonlarini kengaytirish, suv tejovchi texnologiyalar sifatini ta’minlash, shuningdek, sohaga ajratilayotgan subsidiyalar manzilliligini nazorat qilib borish zarurligiga e’tibor qaratdilar.Sohadagi mavjud muammolarni hal etish choralarini ko‘rish zarurligi aytib o‘tildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA