O‘tgan yili “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mamlakatimizda 403 gektardan ortiq joyda “yashil belbog‘”, “yashil bog‘” va “yashil jamoat parklar” barpo etilgan.
Shuningdek, cho‘llanish va qum ko‘chishi, suv va tuproq eroziyasining oldini olish hamda ekologik muhitni yaxshilash maqsadida qariyb 3,3 ming gektar maydonda himoya o‘rmonzorlari yaratilgan. O‘rmon xo‘jaliklarida 35,7 milliondan ortiq ko‘chat va nihollar yetishtirilgan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tomonidan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining “2025 yilda byudjet xarajatlarining maqsadli indikatorlari ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlari to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi.
Ta’kidlanganidek, qo‘mita tomonidan davlat byudjeti mablag‘laridan samarali foydalanish natijasida atrof-muhitni va tabiiy resurslarni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishlarini yumshatish hamda cho‘llanishga qarshi kurashishga qaratilgan qator loyihalar amalga oshirilgan.

Xususan, o‘tgan yilda iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan 70 turdagi yovvoyi o‘simlik, 91 turdagi hayvonlar davlat kadastriga kiritilgan. Shu orqali bioxilma-xillikni saqlash, noyob turlarni muhofaza qilish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Sanitar tozalash dasturi doirasida 18 ta chiqindi poligoni rekultivatsiya qilinib, tuproq qatlami bilan yopish ishlari amalga oshirilgan. Bu esa chiqindilarning atrof-muhitga ta’sirini kamaytirish, aholi punktlarida ekologik holatni yaxshilashga xizmat qilmoqda.

Muhokamalar davomida deputatlar davlat byudjeti xarajatlari uchun ajratilgan mablag‘larning to‘liq o‘zlashtirilmaganlik holatlariga e’tibor qaratdi. Shu bilan birga, tabiatni muhofaza qilishda byudjet mablag‘laridan maqsadli foydalanish bo‘yicha bir qator takliflar berildi.
M.Komilova, O‘zA