Bu haqda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi. Unda qayd etilgani kabi “O‘zbekiston-2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarga muvofiq, foydali qazilmalarni qazib olish natijasida buzilgan yer maydonlarini rekultivatsiya qilish vazifasi belgilangan.
Shunga ko‘ra, mamlakatimizda qazib olish ishlari davomida buzilgan maydonlarni rekultivatsiya qilish va ularning ekologik barqarorligini ta’minlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda yerning tabiiy holi tiklanishi, unumdorligi va o‘simliklarning qayta qoplanishiga alohida e’tibor qaratiladi.
2025 yil 29 dekabr holati bo‘yicha respublikamizdagi barcha hududlarda 2 085 gektar maydonda rekultivatsiya ishlari belgilangan tartibda to‘liq amalga oshirildi. Shuningdek, ushbu hududlarda ekologik barqarorlikni ta’minlash, suv resurslari va topqonlarni muhofaza qilish, yerning eroziyaga qarshi himoyasini ta’minlash bo‘yicha ham tegishli chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Mazkur ishlar nafaqat tabiatni muhofaza qilishga, balki iqtisodiy rivojlanishga ham xizmat qiladi. Buzilgan yer maydonlarini yaroqli holatga keltirish natijasida unumdor yerlar qaytadan qishloq xo‘jaligi va boshqa foydalanish sohalarida samarali qo‘llaniladi. Shu bilan birga, bu jarayon mamlakatimizda “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish va atrof-muhitni muhofaza qilishda muhim ahamiyatga ega.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA