Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“2025 yil Qashqadaryoda professional ta’limda sifat yili bo‘ladi”
18:32 / 2024-12-26

Qashqadaryo viloyat hokimi Murotjon Azimov rahbarligida viloyatdagi texnikum direktorlari bilan o‘tgan uchrashuvda professional ta’lim sohasidagi dolzarb masalalar va kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar muhokama qilindi.

Muloqot davomida texnikumlarning bugungi holati, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari tahlil qilindi. Viloyat hokimi, xususan, o‘qitilayotgan kasblar ro‘yxatini bozor talablariga moslashtirish, yoshlarni dual ta’lim tizimiga kengroq jalb qilish, xalqaro tajribalarni joriy etish va texnikumlarni sifatli kadrlar tayyorlash markazlariga aylantirish zarurligini qayd etib o‘tdi.  

Ta’kidlandiki, kelgusi yili viloyatda 600 ming nafar aholi bandligini ta’minlash maqsad qilingan. 

– Ish o‘rinlari, asosan, 3,5 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar hamda tadbirkorlar loyihalari hisobidan yaratiladi. Investitsiyaning 80-85 foizi texnologiya ko‘rinishida kirib keladi, – dedi viloyat rahbari. – Bu texnologiya, asbob-uskunalarni ishlatadigan kadr, mutaxassis bormi, degan savol bizni hozirdan o‘ylantiryapti. Ta’lim berish, kasbga o‘rgatishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ymaganimiz natijasida ko‘plab tadbirkorlar, investorlar chetdan ishchi yollab ishlatishga majbur bo‘lyapti. Umuman professional ta’limda qator kamchiliklar yig‘ilib qolgan. Birinchidan, tayyorlanayotgan kasblar bugungi kun talabiga mutlaqo javob bermaydi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. O‘qilayotgan kasblar mehnat bozori real ehtiyojiga mos emasligi sababli bitiruvchilar ish topolmayapti. Ikkinchidan, yoshlar o‘rtasida professional ta’limda o‘qish o‘z jozibadorligini yo‘qotgan. 

Har uchta ta’lim muassasasidan bittasi yarim koeffitsiyent bilan ishlaydi. Masalan, Qarshi kommunal xo‘jaligi kollejining 900 o‘rinli binosida atigi 108 nafar o‘quvchi o‘qiydi. Shuningdek, Qarshi qurilish kolleji 750 o‘rinli binosi bo‘la turib, 172 nafar o‘quvchini qamrab olgan.

– Qarshi shahrida bu kollejlarda tayyorlanayotgan mutaxassislarga ehtiyoj yo‘qmi?! Direktorlar o‘quvchi jalb qilish o‘rniga tayyor binolarni xususiy universitetlarga berib, jimgina o‘tiribdi, – deya tanqid qildi M.Azimov. – Dual ta’limda yoshlarni o‘qitish bo‘yicha holatimiz yaxshi emas. Hozirda o‘quvchilarning atigi 7 foizi dual ta’limga qamrab olingan. Bu vaziyat bo‘yicha siyosatni tushunib ishni to‘g‘ri tashkil qilgan direktorlar ham bor. Misol uchun, Kasbi agrotexnologiyalar texnikumi 68 foiz, Qashqadaryo pedagogika texnikumi 56 foiz, Qarshi tuman 2-son politexnikumi 30 foiz o‘quvchilarini dual ta’limda o‘qitadi. Lekin talab yuqori bo‘lishiga qaramay, Qashqadaryo arxitektura va qurilish texnikumi, Kasbi oziq-ovqat sanoati texnikumi, Qamashi veterinariya va meditsinasi texnikumi kabi muassasalarda umuman dual ta’lim yo‘qligini qanday izohlasa bo‘ladi?!

Ishsiz fuqarolar, xotin-qizlarni kasbga o‘qitib, pul ishlash imkoniyati bor. Lekin sharoit bo‘lsada, 31 ta texnikumda bu ishlar yo‘lga qo‘yilmagan. Dars berayotgan har beshta o‘qituvchining to‘rttasida malaka toifasi yo‘q. 

Ma’lumki, Prezidentimizning joriy yil 16 oktyabrdagi “Kasbiy ta’limda malakali tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro ta’lim dasturini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan respublikada yagona texnikumlar tarmog‘i tashkil etildi.

Viloyatdagi 58 ta professional ta’lim muassasalari negizida 53 ta texnikum tashkil qilindi. Shuningdek, joriy yilning 7 dekabr kuni muhtaram Prezidentimiz rahbarligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida o‘rta bo‘g‘in kadrlar tayyorlash bo‘yicha oldimizga qator vazifalar qo‘yildi.

Yig‘ilish davomida viloyat rahbari belgilangan topshiriqlardan kelib chiqib, ushbu tizimda kelgusida amalga oshiriladigan muhim vazifalar xususida ham to‘xtalib o‘tdi.

Xususan, kelgusi yildan viloyatda tayyorlanayotgan kasblar ro‘yxati qaytadan ko‘rib chiqiladi. Mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan, bitirgandan keyin ish topish imkoni bo‘lgan kasblarni o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.

– Hozirda mahalliy mehnat bozoridan tashqari Germaniya, Yaponiya, Chexiya, Kanada, Quvayt kabi iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlardan o‘rta bo‘g‘in kadrlarni ishga olish bo‘yicha takliflar bor, – dedi M.Azimov. – Shundan kelib chiqib, barcha texnikumlarda kelgusi yil boshidan o‘quvchilarga xorijiy tillarni (ingliz, nemis, yapon, koreys, rus) intensiv tarzda o‘qitishni tashkil qilamiz. 2025-2026 o‘quv yilidan boshlab, dual ta’limga qamrab olingan o‘quvchilar ulushi kamida 50 foizga yetkaziladi. Viloyatdagi 320 ta yirik korxona, tadbirkorlik sub’ektlari kadr tayyorlash bo‘yicha texnikumlarga biriktiriladi. Endi direktorlar kabinetida o‘tirmay, ish beruvchilar bilan ishlaydi. Kasblarni targ‘ib qilib, yoshlarni o‘qishga jalb qiladi. Ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasi asosida kadr tayyorlash yanada kengaytiriladi.

Ta’kidlash lozimki, joriy yilda Respublikada birinchi bo‘lib, Germaniyaning “Avestos” kompaniyasi Shahrisabz shahri va G‘uzordagi bittadan texnikumda nemis standarti asosida kasbga tayyorlashni yo‘lga qo‘ydi. Kelgusi yildan ushbu loyiha bosqichma-bosqich boshqa texnikumlarda ham amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, G‘uzordagi 3-sonli politexnikumda Buyuk Britaniyaning “Pirson” kompaniyasi bilan hamkorlikda xalqaro ta’lim standarti asosida kadrlar tayyorlash joriy etiladi.

Kelgusi o‘quv yilidan barcha texnikumlarda umumiy ta’lim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini kasb-hunarga o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.

– Texnikum direktorlari, o‘rinbosarlari qayta attestatsiyadan o‘tkaziladi, – dedi viloyat hokimi. – Zamon talabiga mos bo‘lmagan, tashabbus ko‘rsatmagan rahbarlarga javob beriladi. O‘qituvchilar malakasini oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilash kerak. Germaniyada bir oy malaka oshirgan o‘qituvchilar dunyoqarashini qanday o‘zgarganini ko‘rdik. Taklif kiritilsa, mahalliy byudjetdan pul ajratib, yana o‘qituvchilarni chetga yuboramiz. Kelgusi yili viloyatimizda professional ta’limda sifat bosqichiga o‘tish yili bo‘ladi. Birgalikda, tizimni rivojlantirish bo‘yicha “Qashqadaryo tajribasi”ni yo‘lga qo‘yamiz. Buni qilishga majburmiz. Chunki malakasiz kadrlar bilan biz oldimizdagi maqsadlarga erisha olmaymiz. Yoshlarimiz mehnat bozorida o‘z o‘rnini, chiqargan mahsulotimiz chetda bozorini topa olmaydi. Ushbu maqsad amalga oshishi uchun barchani ishlashga, harakat qilishga majbur qilamiz.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri