Bojxona qo‘mitasida O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda elchilarni Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov qutlab, avvalo, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan ochiq va konstruktiv tashqi siyosatning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi. Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda ko‘plab davlatlar bilan strategik sheriklik aloqalarining yangi bosqichga ko‘tarilishi mamlakatning tashqi savdo aylanmasining sezilarli o‘sishiga xizmat qilmoqda.

Xususan, 2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 145 milliard dollarni tashkil etdi. Joriy yilda ushbu ko‘rsatkichlarni yanada oshirish, buning uchun esa tashqi savdo aloqalarini tizimli ravishda rivojlantirish muhim vazifa sifatida belgilandi.

Uchrashuv doirasida mehmonlarga Bojxona rasmiylashtiruvi, Targetlash va xavflarni monitoring qilish markazi hamda Call-markaz faoliyati taqdim etildi. Shuningdek, tizimda joriy etilgan zamonaviy raqamli va interaktiv bojxona xizmatlari bilan yaqindan tanishtirildi.

O‘zaro muloqot chog‘ida O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va Bojxona qo‘mitasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Jumladan, eksport geografiyasini kengaytirish, bojxona statistikasi va dastlabki ma’lumotlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, qator davlatlar bilan bojxona ishi va kinologiya yo‘nalishida hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, Prezidentning 2025 yil 17 dekabrdagi PF–250-son farmoniga muvofiq, xalqaro hamkorlikni kengaytirish maqsadida O‘zbekistonning Qozog‘iston, Turkiya, Xitoy Xalq Respublikasi va Belgiya Qirolligidagi elchixonalari shtat jadvallariga qo‘shimcha ravishda bojxona masalalari bo‘yicha maslahatchi — O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasining rasmiy vakili lavozimi joriy etilishi qayd etildi.
Qayd etilishicha, bunday uchrashuvlar O‘zbekistonning iqtisodiy diplomatiyasini rivojlantirishda, mahalliy mahsulotlarning jahon bozorlariga chiqishidagi to‘siqlarni bartaraf etishda samarali muloqot maydoni bo‘lib xizmat qiladi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA