O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, 2025 yil 10 dekabrdan boshlab 15 ta tuman (shahar)larda, 2026 yilning yakuniga qadar esa respublikaning barcha hududlarida barcha tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlari Raqamli sog‘liqni saqlash platformasiga, ushbu platforma amaliyotga joriy etilgunga qadar esa Sog‘liqni saqlash vazirligining “Elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimiga ulanadi hamda “Elektron poliklinika”, “Elektron shifoxona”, “Elektron tibbiy karta”, “Elektron retsept” modullari bilan belgilangan ma’lumotlar real vaqt rejimida almashilishi litsenziya talablari va shartlaridan biri sifatida qabul qilinadi, shuningdek, retsept bilan beriladigan dori vositalarini tayinlash va chakana realizatsiya qilishda zarur ma’lumotlarni integratsiya asosida majburiy tarzda “Elektron retsept” moduliga uzatish tartibi tajriba-sinov loyihasi asosida joriy etiladi.
Qaror bilan Tibbiyot tashkilotlarida retsept bilan beriladigan dori vositalarini elektron retsept asosida tayinlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomda:
retsept bilan beriladigan dori vositalarini bemorga elektron retsept asosida tayinlash;
elektron retsept orqali tayinlangan dori vositalarini rasmiylashtirish;
elektron retsept shakli va undagi ma’lumotlarni “Elektron retsept” moduliga o‘zatish tartibi;
tibbiyot tashkilotlarida retsept bilan beriladigan dori vositalarini elektron retsept asosida tayinlash tartibini buzganlik uchun javobgarlik tartibi belgilab berilgan.
2025 yil 10 dekabrdan boshlab:
Toshkent shahri hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada sog‘liqni saqlash tizimini va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish tamoyillarini takomillashtirish orqali sohani isloh qilishni izchil davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2025 yil 19 maydagi PF-88-son Farmoniga muvofiq tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladigan 15 ta tuman (shahar)lardagi barcha tibbiyot tashkilotlarida dori vositalarini bemorlarga tayinlashda dori vositalarining xalqaro patentlanmagan nomi bo‘yicha (agar mavjud bo‘lsa) elektron retsept rasmiylashtiriladi (alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar, tarkibida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar saqlovchi dori vositalari hamda reimbursatsiya dasturi bilan bog‘liq jarayonlar bundan mustasno);
bemorlarga tayinlangan dori vositalari to‘g‘risidagi ma’lumot (xalqaro patentlanmagan yoki original dori nomi, kunlik dozasi, qabul qilish yoki yuborish usuli, miqdori, davomiyligi) elektron retseptga bevosita shifokor tomonidan kiritiladi hamda elektron tasdiqlash usullari orqali tasdiqlanadi; tibbiyot tashkilotlari va dorixonalarning mavjud axborot tizimlarini Sog‘liqni saqlash vazirligining Raqamli sog‘liqni saqlash platformasiga va axborot tizimiga ulash yoki ularning so‘roviga asosan ularda vazirlikning “Elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimi modullari bepul o‘rnatiladi;
tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlari Sog‘liqni saqlash vazirligining “Elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimiga ulanish uchun zarur moddiy-texnik bazaga, barqaror Internet va elektr tarmog‘iga ega bo‘lishlari shart.
Mazkur qaror bilan:
Dori vositalari aylanmasini boshqarishning samarali tizimini yaratish uchun “Elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimiga integratsiya asosida uzatiladigan ma’lumotlar ro‘yxati;
Tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlarida elektron retseptni joriy etish bo‘yicha ishchi guruh tarkibi tasdiqlandi.
O‘zA