Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2025 yil 1 sentyabrdan boshlab ijro intizomiga mas’ul tarkibiy bo‘linmalar birinchi rahbarlar bo‘ysunuviga o‘tkaziladi.
14:38 / 2025-07-28

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini yanada mustahkamlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, quyidagilar davlat organlari va tashkilotlar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari hamda boshqa tashkilotlarda ijro intizomini tashkil etishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi: 

a) qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari ijrosini nazorat qilishning samarali mexanizmlarini joriy qilish; 

b) hududlarda islohotlar natijadorligini o‘rganish va ijro intizomini mustahkamlash ishlarini sifatli tashkil etish; 

v) davlat organlari va tashkilotlarda ijroni tashkil etishda birinchi rahbarlarning mas’uliyatini oshirish; 

g)  Hukumat qarorlari ijrosini tashkil etish jarayonlarini raqamlashtirish; 

d) ijro intizomini nazorat qilish jarayonlariga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish. 

Prezident qarori bilan Hisob palatasiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatildi: 

a) qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari doirasida ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishini o‘rganish bilan birga ularning aholi hamda tadbirkorlar uchun samaradorligini tahlil qilish; 

b) ijro intizomini mustahkamlashga, mansabdor shaxslarning shaxsiy mas’uliyatini oshirishga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan olib borilayotgan islohotlar natijalariga erishishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish; 

v) tashabbuskorlarga qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar loyihalarini ishlab chiqishda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalar yuzasidan takliflar kiritish; 

g) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlarining umumiy ijrosi holati bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasini axborot-tahliliy jihatdan doimiy ta’minlab borish;

d) Qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijro etilishi yuzasidan davlat organlari va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish. 

2025 yil 1 sentyabrdan boshlab Hisob palatasi, Adliya vazirligi hamda boshqa vazirlik va idoralar vakillaridan iborat Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kesimida hududlarda qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini o‘rganib borish bo‘yicha ishchi guruhlarni tashkil etishga ruxsat etiladi. 

Ishchi guruhining asosiy vazifalari:

qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini samarali tashkil etishda tegishli davlat organlari va tashkilotlarga amaliy ko‘maklashish, shuningdek, ularning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarilishi holatini joyiga chiqqan holda o‘rganish;

qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning amalda bajarilishiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni aniqlash, tahlil qilish hamda yuzaga kelgan tizimli muammo va kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rish;

har chorak yakuni bo‘yicha o‘rganishlar natijasida aniqlangan kamchiliklarni tegishli davlat organlari va tashkilotlar rahbarlari ishtirokida muhokama qilish hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishdan iborat bo‘ladi.

2025 yil 1 sentyabrdan boshlab davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomiga mas’ul tarkibiy bo‘linmalar alohida tuzilma sifatida bevosita birinchi rahbarlar bo‘ysunuviga o‘tkaziladi.

O‘zA