Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2025 davomida Urganch tumanida 40 nafar og‘ufurush sudlangan
06:40 / 2025-12-27

Ma’lumki, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga hilof ravishda muomala qilishdan iborat jinoyatlar jamiyatga tahdid, qonun esa himoya vositasidir.

Bu illat ko‘pincha inson hayotiga sezilmasdan kirib keladi, ammo uning oqibatlari juda og‘ir bo‘ladi. Giyohvandlik faqat sog‘liq bilan bog‘liq muammo emas, balki u insonning fikrlashi, xulqi va jamiyatdagi o‘rniga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Giyohvandlikning jamiyatga yetkazadigan salbiy oqibatlari to‘g‘risida aytganda, u birinchi navbatda jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlarining ko‘payishiga,oilalarda nizolar va ajralishlar sonining oshishiga, yoshlar orasida ma’naviy muhitning zaiflashuvi va davlat va jamiyat uchun iqtisodiy zarar yetkazilishiga sabab bo‘lmoqda.

Bunday mahsulotlarning noqonuniy muomalasi bilan shug‘ullanuvchi kimsalar o‘z manfaatlari yo‘lida o‘zgalar hayotini sotishdan qaytmaydilar. Psixotrop moddalarning yoshlar orasida tarqalishi esa millatning ertangi kunini garovga qo‘yish bilan barobar. Bu moddalar inson irodasini falajlaydi, uni o‘z nafsining quliga aylantiradi va oxir-oqibat jinoyat ko‘chasiga yetaklaydi.

Davlat va qonun esa bunday tahdidlarga qarshi asosiy himoya vositasi bo‘lib xizmat qiladi. 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch tuman sudi tomonidan 2025 yilning o‘tgan davrida giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, sotib olish, sotish saqlash va boshqa harakatlar qilish bilan bog‘liq jinoyati uchun 22 nafar, taqiqlangan ekinlarni yetishtirish bilan bog‘liq jinoyati uchun 4 nafar hamda ushbu vositalarning analoglari yoki psixotrop moddalar bilan bog‘liq jinoyati uchun 14 nafar shaxsga nisbatan qonunda belgilangan jazo tayinlangan.

Ko‘rilan jinoyat ishlari bo‘yicha jami 40,916 gramm gashish, 9,7 gramm geroin, 24,05 gramm marixuana, 258,86 gramm opiy va 4,36 gramm giyohvand, psixotrop yoki kuchli ta’sir etuvchi moddalar ashyoiy dalil tariqasida sud hukmi bilan tegishli tartibda yo‘q qilingan. 

Misol uchun, qariyb 74 yoshni qarshilagan M.B. joriy yilda 4,68 gramm “opiy” giyovandlik vositasini 1.700.000 so‘mga qonunga xilof ravishda sotayotgan paytida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olingan. Uning yoni ko‘zdan kechirilganida kiyimining cho‘ntagidan kelgusida “pullash” mo‘ljallangan 102,53 gramm ko‘p miqdordagi yana shunday giyovandlik vositasi topilgan. Bundan tashqari, uning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganida yotoqxonasidan ikki dona bir litrlik hajmli shisha idishga alohida qadoqlangan holdagi jami 115,29 gramm “opiy” giyovandlik vositasi yashirib qo‘yilganligi ma’lum bo‘lgan. 

Oldin ham shu jinoyat ishni sodir etganligi uchun qamalib chiqqan M.B.ga bu safar ham sud hukmi o‘qildi. Unga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan besh yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. 

—Bugungi shiddatli zamonda insoniyat taraqqiyot bilan birga global xavflarga ham duch kelmoqda. Bu xavflar ichida eng dahshatlisi, millat genofondini yemiruvchi, oilalarni barbod qiluvchi illat giyohvandlikdir, —deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch tuman sudining raisi Inomjon Usmanov. —Shu sababdan, giyohvandlik va psixotrop moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha sud jarayonlarini ommaviy axborot vositalarida yoritishga harakat qilamiz. Chunki, bunday materiallar, ayniqsa, yoshlar orasida giyohvandlikka qarshi immunitetni shakllantirishga, ularni qonunga xilof harakatlardan tiyilishga undaydi.

Darhaqiqat, giyohvandlik balosidan qonun bizni himoya qiladi deganlar adashadi. Bunda bizning vazifamiz shu qonunlarga rioya qilish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishdir. Zero, giyohvandlikka qarshi eng kuchli qalqon bu yuksak ma’naviyat va mustahkam iroda bo‘lib qolaveradi.

Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri