O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Yoshlarning o‘quv markazlarida xorijiy tillarni o‘qitish xarajatlari uchun subsidiya ajratish hamda o‘quv markazlarini rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq:
Yoshlarning o‘quv markazlarida xorijiy tillarni o‘qish xarajatlari bir qismi uchun subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
O‘quv markazlari reytingini shakllantirish va reyting asosida o‘quv markazlarini rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tomonidan 2025 - 2030 yillarda 100 ming nafargacha yoshlarning o‘quv markazlarida xorijiy tillarni o‘qish xarajatlari uchun subsidiya ajratiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga ajratilgan mablag‘lar doirasida elektron platforma orqali quyidagi imkoniyatlar yaratiladi hamda elektron platformaning doimiy ish faoliyatida bo‘lishi ta’minlanadi:
o‘quv markazlarida yoshlarning xorijiy tillarni o‘rganish uchun o‘quv mashg‘ulotida qatnashishini qayd etib borish;
o‘qish xarajati uchun to‘lovlarni onlayn to‘lov tizimlari orqali amalga oshirish;
o‘quv markazlari reytingini shakllantirish va e’lon qilish.
Ikki oy muddatda “Raqamli hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali:
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining “Milliy sertifikatlar” elektron platformasini;
Soliq qo‘mitasining “Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi” hamda “Ijara shartnomalarini hisobga qo‘yish” elektron platformalarini;
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksini;
Adliya vazirligining “Litsenziya” axborot tizimi belgilangan tartibda elektron platformaga integratsiya qilinadi.
Ushbu Nizom xorijiy tillar (ingliz, nemis, fransuz, yapon, koreys va xitoy tili)ni o‘rganayotgan yoshlarning nodavlat ta’lim tashkilotlarida oflayn shaklda amalga oshiriladigan o‘qish xarajatlarining bir qismi uchun subsidiya ajratish tartibini belgilaydi.
O‘zA