Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2024 yilda Davlat byudjeti daromadlari 18 foizga oshgan
17:13 / 2025-06-02

Bugungi kunda dunyo sahnidagi murakkab vaziyat, kutilmagan iqtisodiy va moliyaviy qiyinchiliklar har bir davlatning o‘z iqtisodiy-moliyaviy jarayonlarini mustahkam yo‘lga qo‘yishini, puxta va pishiqlik bilan yo‘l tutishini taqozo etadi. Bu borada mamlakatimizda olib borilayotgan moliya-byudjet siyosati natijasida aholining ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy himoya qilish, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, 2024 yilda Davlat byudjetining daromadlari 274,4 trln. so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 18 foizga oshgan. Ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 153,2 trln. so‘m yoki umumiy xarajatlarning 49 foizi sarflangan. 

Davlat byudjetining 12 foizi kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun sarflangan. Bu tadbirlar samarasi o‘laroq, 720 mingga yaqin aholi kambag‘allikdan chiqarilgan. 

Ushbu raqamlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasining yig‘ilishida aytib o‘tildi. Deputatlar Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2024 yil va 2025 yil birinchi chorakdagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni ko‘rib chiqar ekan, asosiy e’tiborni partiya elektorati manfaatlaridan kelib chiqqan holda ijtimoiy soha xarajatlariga qaratdilar. 

Xalq vakillari joylarda aholi bandligini ta’minlash va ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan sa’y-harakatlarni kuchaytirish, bu boradagi dasturlarni moliyalashtirishda yanada aniq mexanizimlar ishlab chiqish zarurligini bildirdilar. 

Shuningdek, davlat byudjeti ijrosini nazorat qilish, mablag‘lar natijadorligiga e’tibor qaratish lozimligi aytib o‘tildi. Ayrim vazirlik va idoralar tomonidan mablag‘lar o‘z vaqtida o‘zlashtirilmagani, samarasiz ishlatilayotgani yoxud imtiyozlar noo‘rin ajratilgani tanqidiy tahlil etildi. Aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘llab-quvvatlashda subsidiya ajratish muhimligi, ammo noto‘g‘ri ajratilgan subsidiyalar mavjudligi aytilib, bu kabi holatlarni bartaraf qilish bo‘yicha takliflar berildi. 

Muhtarama Komilova, O‘zA