Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2024-yilda bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 76 foizga yetkaziladi
15:35 / 2024-03-04

Munosabat

Bugungi yosh avlod – yangi O‘zbekistonning eng katta boyligi, kelajak va istiqbolimiz poydevoridir. Shu bois mamlakatimizda yoshlar salohiyatini oshirish, ta’lim-tarbiyasi uchun munosib shart-sharoitlarni yaratish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Amalga oshirilayotgan islohotlar, avvalo, maktabgacha ta’lim va tarbiya sohasidan boshlanishi globallashuv jarayonida bolalar tarbiyasida eng asosiy bo‘g‘in hisoblangan maktabgacha ta’lim tizimining jamiyatimiz hayotidagi o‘rni va ahamiyati beqiyosligidan dalolatdir. Xususan, ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasi o‘laroq bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 2017 yilgi 27 foizdan 74 foizga yetkazildi. 

Yaqinda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi. 

Davlat dasturida bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasini 76 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan. Buning uchun 1400 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi, shu jumladan, oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish hamda investitsiya dasturi doirasida 43 ta maktabgacha ta’lim tashkilotini qurish va 133 tasini rekonstruksiya qilish orqali 5570 ta qo‘shimcha yangi quvvatlar yaratish belgilangan. 

Albatta, o‘tgan yetti yillik vaqt va tajribadan kelib chiqib qaralsa, sohaga davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarining joriy etilishi tufayli har yili bu yo‘nalishda davlat dasturlarida belgilangan vazifa va chora-tadbirlar ortig‘i bilan bajarib kelinmoqda. Xususan, yirik shaharlarimizdan tortib, chekka tumanlar, qishloq va ovullarimizda yangi-yangi zamonaviy bog‘chalar barpo etilyapti. 

Ushbu natijalar nafaqat yosh avlodni barkamol qilib tarbiyalash, shu bilan birga, minglab onalarga o‘z hududlarida tashkil etilgan yangi sanot korxonalarida ishlab ro‘zg‘orlari farovonligini oshirish, kasb-hunar o‘rganish imkonini ham yaratib bermoqda. 

Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, mamlakatimizda maktabgacha ta’lim bilan bir qatorda rivojlangan davlatlardagi kabi uzluksiz ta’lim tizimini muntazam takomillashtirib borishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, 2016/2017 o‘quv yilida yurtimizdagi maktablar soni 9719 ta va unda ta’lim olayotgan o‘quvchilar 4,8 million nafardan ortiq bo‘lgan. Bugunga kelib maktablar soni 444 taga ko‘payib, 10163 tani, maktablardagi o‘quvchilar soni esa 6,4 million nafarni tashkil etmoqda. 

2024-yil davomida 518 ta maktabni rekonstruksiya qilish va 30 ta maktabni yangidan barpo etish orqali qo‘shimcha 175 ming o‘quvchi o‘rnini yaratish maqsad qilingan. Shuningdek, umumta’lim maktablarini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash hamda umumta’lim maktablarining sanitariya-gigiyena infratuzilmasini bosqichma-bosqich yaxshilashga oid ham vazifalar belgilangan. 

Bugun maktablarimizda nafaqat ta’lim va tarbiya tizimi, shu bilan birga o‘quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar ham zamon talablari asosida rivojlantirilmoqda. Buni xalqaro tajribani o‘rgangan holda olis hududlardan o‘quvchilarning xavfsiz va qulay qatnovini autsorsing asosida tashkil etish tartibini ishlab chiqish misolida ham ko‘rish mumkin. Xususan, tajriba-sinov tariqasida Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida 100 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida olis hududlardan qatnaydigan o‘quvchilarning avtobuslar bilan maktabga qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. 

Albatta, maktab ta’limi tizimida o‘qituvchilarning ham o‘rni beqiyos. O‘qituvchi va o‘quvchilarni parvozga shaylangan qushning ikki qanotiga qiyos qilish mumkin. Shu bois, joriy yilgi davlat dasturida pedagoglar bilim va tajribasini oshirish maqsadida ularni xorijiy davlatlarga malaka oshirish va stajirovkaga yuborish belgilangan. 

Xususan, 100 nafar davlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining pedagoglari xorijiy mamlakatlarda malaka oshirish yoki stajirovkaga yuborish uchun hududlar kesimida teng taqsimlangan holda saralab olinadi. “El-yurt umidi” jamg‘armasi ko‘magida saralab olingan pedagoglarni xorijiy mamlakatlarga malaka oshirish va stajirovka uchun yuborish rejalashtirilgan. 

Umuman olganda, bu yilgi davlat dasturida mamlakatimizni kelgusi yetti yilda rivojlantirishga qaratilgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi maqsadlaridan kelib chiqqan holda ta’lim yo‘nalishida barqaror rivojlanishga erishish maqsad qilingan. Sababi Strategiyada belgilangan 100 ta maqsadli ko‘rsatkichlarga erishishda ta’lim va tarbiya biz uchun hayot-mamot masalasi sanaladi. 

Maxfirat XUSHVAQTOVA, 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati. 

O‘zA