O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Mahalliy va xorijiy investorlarga berilgan preferensiyalar va imtiyozlarning yagona reyestrini shakllantirish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, 2024 yil 1 iyuldan e’tiboran, mahalliy va xorijiy investorlarga berilgan preferensiyalar va imtiyozlarning turlari, muddatlari, tartibi va ma’sul organlarni o‘z ichiga olgan Yagona reyestr yuritiladi.
Hukumatning ushbu qarori bilan:
Mahalliy va xorijiy investorlarga berilgan preferensiyalar va imtiyozlarning yagona reyestrini shakllantirish sxemasi;
Mahalliy va xorijiy investorlarga berilgan preferensiyalar va imtiyozlarning dolzarbligini ko‘rib chiqish bo‘yicha ishchi guruh tarkibi;
Mahalliy va xorijiy investorlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ham tasdiqlandi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Yagona reyestrni yuritish bo‘yicha operator bo‘lib, Yagona reyestrning yuritilishini uslubiy ta’minlash, davlat organlari va tashkilotlarining ushbu sohadagi faoliyatini muvofiqlashtirib boradi.
Ikki oy muddatda mahalliy va xorijiy investorlarga berilgan barcha sohalardagi preferensiyalar va imtiyozlar ro‘yxati to‘liq shakllantiriladi.
2024 yil 1 iyuldan boshlab, Yagona reyestr Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining rasmiy veb-saytida alohida bo‘lim sifatida preferensiyalar va imtiyozlarni sohalar va yo‘nalishlar bo‘yicha izlash va ko‘rish imkoniyatini beruvchi elektron shaklda yuritilishi yo‘lga qo‘yiladi.
O‘zA