Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2024/2025 o‘quv yilidan boshlab oliy va professional ta’lim tashkilotlarining talaba va o‘quvchilariga ta’lim kreditlari ajratish tizimi joriy qilinadi
15:14 / 2024-05-28

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Oliy  va professional ta’lim tashkilotlari talabalari va o‘quvchilariga byudjet mablag‘lari hisobidan ta’lim kreditini ajratish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmonga muvofiq, 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan oliy va professional ta’lim tashkilotlarining talaba va o‘quvchilariga ta’lim kreditlari ajratish tartibi joriy qilinadi.

Ta’lim krediti  faqat kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan talaba va o‘quvchilarga ajratiladi.

Ta’lim krediti:

oliy ta’lim tashkilotlarining birinchi bosqich talabalari hamda professional ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari uchun to‘lov-kontrakt summasi miqdorida;

oliy ta’lim tashkilotlarining ikkinchi va undan yuqori kurs talabalari uchun fanlarni o‘zlashtirishning o‘rtacha ko‘rsatkichi "3" dan past bo‘lgan taqdirda to‘lov-kontrakt summasining ko‘pi bilan 80 foizi miqdorida ajratiladi ("Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kiritilgan oilalar farzandlari bundan mustasno).

Ta’lim krediti:

oliy ta’lim tashkilotlari talabalari uchun -talabalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining "Talabalarga shartnoma asosida ko‘rsatiladigan xizmatlar hisobini yuritish" (kontrakt.edu.uz) axborot tizimi va "Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish" (HEMIS) axborot tizimida mavjud bo‘lganda;

professional ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari uchun - o‘quvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining "Professional ta’lim jarayonlarini boshqarish" (prof.edu.uz) axborot tizimida mavjud bo‘lganda ajratiladi.

O‘z dasturiy ta’minotiga ega bo‘lgan oliy va professional ta’lim tashkilotlari ta’lim kreditini olish uchun Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining tegishli axborot tizimlariga o‘z axborot tizimini integratsiya qilishi yoki ulardan foydalanishi majburiy hisoblanadi.

2024 yil 1 iyulga qadar tashkiliy-huquqiy shakli va idoraviy bo‘ysunuvidan qat’i nazar barcha oliy va professional ta’lim tashkilotlarining to‘lov-kontrakt shartnomasi "kontrakt.edu.uz" va "prof.edu.uz" axborot tizimlari orqali shakllantiriladi.

2024/2025 o‘quv yili boshlangunga qadar ta’lim kreditini olish uchun arizalar Iqtisodiyot va moliya vazirligining "Ta’lim krediti" axborot tizimi (ta'lim-krediti.mf.uz) va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali topshiriladi.

O‘zA