Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva ishtirokida brifing o‘tkazildi. Unda davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, 2022 yil davomida 12 millionga yaqin davlat xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, 2023 yilning 1 yarmida jami 6 million 432 ming 790 ta davlat xizmatlari ko‘rsatildi.
Ma’lumot uchun, 2018 yil 1 yanvarda faoliyat boshlagan paytda DXMlar tomonidan dastlab 37 turdagi davlat xizmatlari faqat tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga 280 dan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Har kuni o‘rtacha 70-75 ming fuqarolarimiz Davlat xizmatlari markazlariga tashrif buyurmoqda.
2023 yilning 1 yarmida 24 ta yangi davlat xizmati ishga tushirildi. Shulardan 12 tasi Davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida, qolgan 12 tasi "Litsenziya" axborot tizimida.
Shu bilan birga, joriy yilning o‘tgan davrida Andijon viloyatining Jalaquduq, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus hamda Qashqadaryoning Ko‘kdala tumanlarida zamonaviy DXM binolari foydalanishga topshirildi.
Bundan tashqari fuqarolarimizga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida tuman (shahar) markazlaridan 50-100 km. uzoq tog‘li hududlarda 138 ta filiallar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Adliya vazirligi tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida vakolatli organlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan bir qator qonunbuzilishlar aniqlangan.
Xususan, joriy yilning 6 oyi davomida davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi vakolatli organlar tomonidan 64 ming 853 ta qonun hujjatlarining buzilishi holatlari aniqlandi. Shundan 46 ming 78 tasi muddat buzilish, 7 ming 660 tasi ortiqcha hujjat talab qilish, 1 ming 188 tasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat xizmatlarini ko‘rsatish, 4 ming 657 tasi asossiz rad etish, 20 tasi vakolatli idoraning qonuniy talabini bajarmaslik, 5 ming 250 tasi boshqa qonunbuzilishi holatlarini tashkil qiladi.
Shundan sog‘liqni saqlash idoralarida 8 ming 966 tadan, kadastr tashkilotlarida 8 ming 728 tadan, qurilish va arxitektura idoralarida 6 ming 291 tadan, “O‘zsuvta’minoti” AJda 5 ming 308 tadan, “Hududgazta’minot” AJda 4 ming 776 tadan ortiq qonun hujjatlarining buzilishi holatlari aniqlandi.
Tekshirish va o‘rganish natijalari bo‘yicha 4 ming 266 ta ta’sir chorasi qo‘llanildi. Jumladan, vakolatli idoralarga 209 ta taqdimnoma, 1 ming 365 ta ogohnoma kiritilib, 386 nafar masabdor shaxslar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi. 2 ming 305 nafar mas’ul shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Kiritilgan taqdimnomalar natijasida tegishli tashkilotlarning 264 nafar xodimiga nisbatan intizomiy, 2 ming 305 nafar mas’ul shaxslarga nisbatan ma’muriy jarima jazo chorasi qo‘llanildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA