FOTOREPORTAJ
Yangi Namangan tumanida mahalliy sanoat tarmoqlari eksport salohiyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun press-tur tashkil etildi.
Ishtirokchilar dastlab “Global Star Textile Trade” MCHJ faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Ushbu korxonada bolalar va ayollar uchun 10 turdagi qishki kiyimlar tikiladi. Mahsulotlar Rossiya va Qirg‘iziston davlatlariga eksport qilinmoqda.
Mazkur korxona o‘tgan 2023 yil davomida qiymati 1 million AQSH dollari miqdorida eksport salohiyatiga erishgan bo‘lsa, joriy yilda mamlakatlar ko‘lami kengaytirilib, bu ko‘rsatkich 2 million AQSH dollaridan oshirilishi maqsad qilingan.
Jurnalistlar tashrif buyurgan yana bir eksportyor korxona “Barhayot Impex” MCHJ ip-kalava, sochiq mahsulotlarini ishlab chiqaradi. 2023 yilda 4,5 million AQSH dollari qiymatidagi yuk Rossiya Federatsiyasiga sotilgan bo‘lsa, 2024 yilda mahsulot turini ko‘paytirish va eksport rejasini 8 million AQSH dollariga yetkazish ko‘zlangan.
[gallery-15432]
Press-turda ta’kidlanganidek, Yangi Namangan tumanida 2022 yil davomida 39,2 million AQSH dollarlik mahsulot eksporti amalga oshirildi, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 67,3 million AQSH dollarini tashkil etdi. Joriy yilda esa eksport salohiyatini 119 million AQSH dollaridan oshirish rejalashtirilgan.
Press-tur davomida jurnalistlarni qiziqtirgan barcha savollariga soha xodimlari batafsil javob qaytardi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA