Ekologik muammolar, atmosfera havosining ifloslanishi so‘nggi paytlarda eng ko‘p tilga olinayotgan, jamoatchilik muhokamalariga hamda xavotirlariga sabab bo‘layotgan muhim masalaga aylandi. Inson va tabiat o‘rtasidagi muvozanatning buzilishi, atrof-muhitga ehtiyotkor munosabatda bo‘lmaslik oqibatida yuzaga kelayotgan mazkur holat, afsuski, insonlar salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Avval xabar berilganidek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining eshituvini tashkil etish ko‘zlangan. Kuni kecha parlament quyi palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasining navbatdagi qo‘shma yig‘ilishida vazir A.Abduhakimovning respublikada, shu jumladan Toshkent shahrida atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati to‘g‘risidagi axboroti dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.
— Respublikamizda, jumladan, poytaxtimizda atmosfera havosi keskin ifloslanib borayotgani, mazkur vaziyatni yumshatish choralarini ko‘rish dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolmoqda, — dedi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi rahbari X.G‘afforov. — Vazirlik tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda mamlakatimiz atmosfera havosini ifloslantirishda eng ko‘p zararli tashlamalar turg‘un manbalar va transport vositalaridan chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalarda namoyon bo‘layapti. 2023 yil bo‘yicha dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, jami tashlamalar 2138,3 ming tonnani tashkil etib, ularning 1 279,9 ming tonnasi transport vositalaridan, 858,4 ming tonna sanoat korxonalaridan chiqqan tashlamalardir. Tashlamalarning hududlar kesimidagi tahlili shuni ko‘rsatadiki, eng yuqori tashlamalar Toshkent viloyatida (679,7 ming tonna), Toshkent shahrida (417,6 ming tonna) hamda Qashqadaryo viloyatida (198 ming tonna) kuzatilgan.
Yig‘ilishda mazkur masala muhokama qilinar ekan, shaharlardagi atmosfera qatlamlarining past shamollatilishi, shahar transportining ko‘pligi, yo‘llarning tirbandligi, keng ko‘lamli qurilishlar, shuningdek, yashil hududlarning kamligi kabi omillar, meteorologik sharoitlar va antropogen yuklama atmosfera havosining yuqori ifloslanishiga olib kelayotgani bayon etildi.
Shuningdek, axborotda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida qabul qilingan qonun va qonunosti hujjatlarining ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, bu boradagi qonun hujjatlari buzilishlari profilaktikasini aniqlash va oldini olish bo‘yicha joriy etilgan samarali mexanizmlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, 2022 yil 1 yanvardan boshlab “Yevro-4” ekologik talablariga mos kelmaydigan benzin va dizel dvigatellari bilan jihozlangan transport vositalarini olib kirish man etilishi natijasida birgina 2023 yilda ekologik talablarga javob bermaydigan 38 ta transport vositasi importiga rad javobi berilgan.
Shuningdek, yig‘ilishda Qonunchilik palatasi majlisida o‘tkaziladigan eshituvga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rish masalalari ham muhokama qilinib, qator takliflar, mulohazalar bildirildi.
— Sohaning yetuk olimlari, deputatlar hamda partiyamiz faollari hamkorligida tashkil etilgan ishchi-guruh a’zolari atmosfera havosiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillarni birma-bir o‘rganib chiqishga harakat qilmoqda, — dedi deputat Nosirjon Aminov. — Xususan, qurilish materiallarini ishlab chiqaruvchi “Ohangaronsement” AJda bo‘lib, korxonada chiqindilarni qayta ishlash imkonini beruvchi zamonaviy texnologiyalar o‘rnatilganiga guvoh bo‘ldik. Ayni paytda havo keskin sovib ketganida ayrim korxonalar qo‘shimcha yoqilg‘i sifatida mazutdan foydalanishiga to‘g‘ri kelayotganini ham kuzatdik. O‘rganishlarimiz natijasiga ko‘ra, tegishli xulosalar va takliflar ishlab chiqiladi.
Shuningdek, xalq vakillari hududlardagi sanoat korxonalarida “yashil” texnologiyalardan unumli foydalanilishi va xavfsiz kimyoviy moddalarning qo‘llanishi bo‘yicha belgilangan qoidalarga rioya etilayotgani yuzasidan o‘rganishlar olib borish, respublikamiz hududidagi daraxtlarni pasportlashtirish ishlarini jadallashtirishda parlamentning roli va o‘rnini oshirish bo‘yicha fikr-mulohazalarni bildirib o‘tdi.
O‘z navbatida, eshituvga nafaqat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, balki atmosfera havosini muhofaza qilish masalasiga oid qaror qabul qilish va nazorat qilish vakolatiga ega boshqa idoralarning ham mas’ullarini taklif etish zarurligi qayd etildi.
Bundan tashqari, mas’ul idoralarga atmosfera havosiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ehtimoli katta bo‘lgan korxonalardagi holatni “kelishmasdan” tekshirish vakolatini qonunchilikda belgilash bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA