Davlatimiz rahbari 2022 yil 28 dekabrda “O‘zbekiston Respublikasining 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga imzo chekdi.
Ushbu hujjatga asosan respublika iqtisodiyoti tarmoqlarini jadal rivojlantirish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va modernizatsiya qilish, sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalariga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etishga e’tibor qaratiladi.
Shu bilan birga yuqori qo‘shilgan qiymatli eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, investitsiya jarayonlarini jadallashtirish va hududlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish belgilandi. Bundan tashqari, joylarda yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash maqsad qilingan.
“O‘zyog‘moysanoat” uyushmasi tizimidagi korxonalar tomonidan 2023-2025 yillarda 48,5 million AQSH dollari miqdorida investitsiya o‘zlashtiriladi. Shuningdek, 10,5 million AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya o‘zlashtirilishi belgilangan.
Eng muhimi, ushbu davrda “Scorton textile” MCHJ, “Yangibozor textile agro kluster” MCHJ, “PURE NATURE OILS” MCHJ, “NT IVRAT TEXTILYe” MCHJ va “Qarshi Idealnoe Oil Trade” MCHJ kabi o‘simlik moyi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi ishlab chiqarish ob’ektlari barpo etiladi.
Shuningdek, Yangihayot tumanida “Chromus Production” MCHJ tomonidan margarin mahsulotlari hamda Quyi Chirchiq tumanida “Quyonchilik va naslchilik agro kompleks” MCHJ tomonidan o‘simlik moyi, yem mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda issiqxona va quyonchilikni tashkil etish loyihalari amalga oshiriladi.
“O‘zyog‘moysanoat” uyushmasining ma’lum qilishicha, joriy yilda uyushma tizimidagi yog‘-moy korxonalari tomonidan 14,5 million AQSH dollari, shu jumladan, 2,5 million AQSH dollari miqdorida investitsiya jalb qilinadi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA