Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2023 yilda 10 ming 204 yong‘in hodisasi yuz bergan (+video)
21:00 / 2024-01-31

Unda 251 nafar fuqaro jabrlangan, shundan 79 nafari vafot etgan.

Yong‘inlar profilaktikasi samaradorligini oshirish va yong‘in xavfsizligi sohasida davlat nazoratini takomillashtirishga e’tibor qaratilmoqda.  

Biroq yong‘inlarning oldini olish sohasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligiga qaramay yong‘inlar bilan bog‘liq og‘ir oqibatli noxush hodisalar ro‘y bermoqda. 

Jumladan, 2023 yilda 10 ming 204 yong‘in hodisasi yuz berib, unda 251 nafar fuqaro jabrlangan, shundan 79 nafari vafot etgan. Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarga 270,4 milliard so‘mlik zarar yetkazilgan. Tadbirkorlik sub’ektlariga tegishli ob’ektlarda 797 ta yong‘in sodir bo‘lgan. 

Bu raqamlar Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida qayd etildi. 

Qo‘mita raisi Qutbiddin Burhonov ayrim fuqarolarimiz yong‘in xavfsizligi qoidalarini bilmasligi, aksariyat hollarda ushbu qoidalarga e’tiborsizlik bilan qarashi bunga yo‘l ochayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, amaldagi qonunchilikda qonunbuzilish holatlari uchun ma’muriy jazo choralarining yengil belgilanganligi – yirik yong‘inlar sodir bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda. 

Hududlarda ro‘y bergan yirik yong‘inlar sabablarini o‘rganish bo‘yicha tuzilgan Hukumat komissiyasi tomonidan davlat yong‘in nazorati organlarining vakolatlari yetarli emasligi sababli, ular tomonidan yong‘inlarning oldini olish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rilmasdan qolayotganligi qayd etilgan. 

Shu bois, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga yong‘inlar profilaktikasi samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun ishlab chiqilib, parlamentga kiritildi. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/9cQyWjBGvsc" title="2023-yilda 10 ming 204 yongʻin hodisasi yuz bergan" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Majlisda mazkur qonun hamda “Aholi o‘rtasida is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olishga oid qonunchilikka rioya qilinishi holatini o‘rganish natijalari to‘g‘risida”gi qo‘mitaning qarori ijrosi yuzasidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha axborot eshitildi.  

Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari Sanjar Zuparov yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha zarur choralar amalga oshirilayotganini, lekin shunga qaramay sodir bo‘layotgan holatlar soha xodimlarini tashvishga solayotganini ta’kidladi. Misol uchun, Farg‘ona viloyatida bir oilaning to‘rt nafar a’zosi is gazidan zaharlanib, qurbon bo‘lgani achinarli hol bo‘lganini qayd etdi. Vaholanki, aynan shu xonadonga bir oy oldin xizmat xodimlari borib, tushuntirish ishlarini olib borgan.  

Muhokama qilingan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda o‘rmonlarda yong‘in xavfsizligi talablarini buzish, agar yong‘in chiqishiga olib kelgan bo‘lsa, ma’muriy javobgarlikni belgilash ko‘zda tutilmoqda.  

Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganligi tufayli uy-joy fondida odamlarning sog‘lig‘iga zarar yetishi yoxud o‘zganing mol-mulki shikastlanishi yoki uning yo‘q qilinishi bilan bog‘liq bo‘lmagan tarzda yong‘in sodir bo‘lganda mazkur shaxs yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikdan ozod qilinishini nazarda tutuvchi o‘zgarishlar amaliyotga joriy etilishi belgilanmoqda.  

Qonun yuzasidan jamoatchilik vakillari, soha mutaxassislari, professor-o‘qituvchilar, prokuratura organlari xodimlari muhokamalarda faol ishtirok etib, o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi. 

Majlis yakunida ko‘rilgan masalalar yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi. 

Norgul Abduraimova, Doniyor Yakubov (video), O‘zA muxbirlari