Ma’lumki, koronavirus pandemiyasi ko‘plab sohalarga, jumladan, turizm sohasiga juda katta salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Ushbu yo‘nalishda ko‘plab davlatlar ziyon ko‘rdi. Endilikda esa dunyo davlatlari, shu jumladan, O‘zbekiston ham pandemiyadan keyin turizmni yanada rivojlantirish, sohani oldingi holiga qaytarish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga harakat qilmoqda.
Yaqinda mamlakatimizning Belgiyadagi elchixonasida «Buscardini Communications» kompaniyasi direktori, «Travel Tomorrow» informatsion portali bosh muharriri A.Buskardini bilan uchrashuv o‘tkazildi. «Dunyo» axborot agentligining xabariga ko‘ra, uchrashuvda mamlakatimizga keladigan sayyohlar oqimini ko‘paytirish, pandemiyadan so‘ng hamkorlikda xalqaro turizm yarmarkalarida qatnashish, «Travel Tomorrow» informatsion portalida O‘zbekiston turizm salohiyatiga bag‘ishlangan maqolalar, videoroliklar e’lon qilish masalalari muhokama qilindi.
Belgiya tomoni mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyov rahbarligiga so‘nggi besh yilda erishilgan yutuqlar, xususan, turizm sohasini rivojlantirish, ushbu sohaga investitsiya kiritayotgan xorijiy sarmoyadorlarga yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar, ommaviy axborot vositalari erkinligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtirildi. Bundan tashqari, joriy yil 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Prezidenti saylovi kampaniyasining borishi haqida batafsil ma’lumot berildi. A.Buskardinining xorijiy ommaviy axborot vositalarining vakili sifatida O‘zbekiston Prezidenti saylovida qatnashishi xususida fikr almashildi.
Xorijiy hamkor oxirgi yilllarda O‘zbekistonda nafaqat turizm yo‘nalishida, balki boshqa sohalarda ham tub o‘zgarishlar amalga oshirilayotganligini yuqori baholadi. U elchixona, respublikadagi mas’ul vazirlik va idoralar hamda mahalliy sayyohlik kompaniyalari bilan hamkorlikni faollashtirishga tayyor ekanligini bildirdi. A.Buskardini oxirgi ikki yillik iqtisodiy inqiroz turizm industriyasida ham katta talofotlar keltirishiga qaramasdan, 2022 yildan so‘ng ushbu sohada o‘zgarishlar bo‘lishi va keyingi ikki-uch yillikda avvalgi holatga qaytish ehtimoli mavjudligini, shu munosabat bilan, 2022-2023 yillarda hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlarni rejalashtirib olish, aniq kelishuvlarga erishish muhimligini ta’kidladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA