Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2022 yilda aniqlangan kuchli ta’sir qiluvchi moddalar miqdori 2021 yilga nisbatan 1,7 baravarga oshgan
17:34 / 2023-03-16

bugungi kunda kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq holatlar ko‘payib bormoqda. Ayniqsa, yoshlar orasida ham giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni, elektron sigaretlarni iste’mol qilayotganlar soni ortayotgani sir emas. Bu kabi vositalar inson salomatligiga ziyon yetkazishi, aqliy salohiyatiga, insoniylik qiyofasiga soya solishi barchamizga kundek ravshan.

Kontrabanda ashyolari, xususan, giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish, yurtimizga kirib kelishining oldini olishda bojxona organlari alohida o‘rin tutadi. 

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Otabek Choriyev parlament quyi palatasidagi «Adolat» SDP fraksiyasining yig‘ilishida giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish borasidagi ishlar, bu borada aniqlangan holatlar xususida quyidagilarni ma’lum qildi:

– Bojxona organlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda amalga oshirilgan tadbirlar natijasida 2020-2022 yillar davomida 1 tonna 560 kg. giyohvandlik vositalari, 271 ming dona psixotrop va 542 ming dona kuchli ta’sir qiluvchi moddalar aniqlandi. Xususan, 2020 yilda 280 kg., 2021 yilda 531 kg., 2022 yilda  748 kg. giyohvandlik vositalari ushlab qolindi.Ta’kidlash lozimki, 2022 yilda aniqlangan giyohvandlik vositalari miqdori 2020 yilga nisbatan 2,7 baravarga oshgan. So‘ngi uch yilda aniqlangan holatlar bo‘yicha 362 kg. «geroin», 602 kg. «gashish», 275 kg. «opiy», 249 kg. sintetik narkotiklar, 72 kg. «marixuana», 88 ming dona «Tramadol» tabletkalari ashyoviy dalil sifatida olindi. Aniqlanayotgan holatlar tahlili narkotik vositalar respublikamiz hududiga asosan Afg‘oniston va Tojikiston orqali kirib kelayotganini ko‘rsatmoqda, – dedi Otabek Choriyev. 

Shuningdek, bojxona vakili bugungi kunda kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq holatlar ham ko‘payib borayotganiga urg‘u berib, bu boradagi raqamlarni ochiqladi. Ta’kidlanganidek, bojxona organlari tomonidan 2020 yilda 40 ming dona, 2021 yilda 185 ming dona, 2022 yilda 317 ming dona tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bo‘lgan dori vositalari ushlab qolingan. 2022 yilda aniqlangan kuchli ta’sir qiluvchi moddalar miqdori 2021 yilga nisbatan 1,7 baravarga oshgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud dori vositalarining giyohvandlik vositalariga nisbatan arzonligi va talabning ko‘payib borayotganligi jinoiy guruhlar tomonidan ularni respublika hududiga aylanma yo‘llar orqali olib kirishga urinishlarini ko‘paytirmoqda.  

Darhaqiqat, mo‘may daromad ilinjida og‘u tarqatayotganlar bu jirkanch ish bilan shug‘ullanishda insoniylik qiyofalarini unutib qo‘yishadi. Giyohvandlik vositalarini iste’mol qilishni boshlagan shaxs esa unga o‘rganish hosil qilib, ko‘p vaqt o‘tmay, bu vositalarga to‘la tobe bo‘lib qoladi.

Oqibatda giyohvandga aylanib, mehnatga yaroqsiz holga keladi. Giyohvandlikka, kuchli ta’sir qiluvchi moddalarga tobelik esa oxir-oqibat jinoyatga, turli jirkanchliklarga boshlaydi. Shunday ekan, bu boradagi illatga birgalikda kurash olib borishimiz, yon-atrofimizdagi yoshlarning yurish-turishi, atrofidagi do‘stu tanishlari kim ekanligiga e’tiborli bo‘lishimiz, bu masalaga panja ortidan qaramasligimiz lozim.  

Muhtarama Komilova, O‘zA