English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2022 yilda 5,5 mingga yaqin fermerlarga 105 milliardlik moddiy-texnik resurslar, urug‘lik va ko‘chatlar yetkazilgan
18:48 / 2023-03-06

Qaror va ijro

Qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda, ichki va tashqi bozorni sifatli mahsulotlar bilan ta’minlashda kasalliklarga chidamli urug‘ va ko‘chatlar, moddiy-texnik resurslar birlamchi hisoblanadi. Prezidentimizning 2022 yil 27 apreldagi «Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish va ularni xarid qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga binoan mamlakatimizdagi qishloq xo‘jaligi korxonalariga zarur texnik resurslar, urug‘, ko‘chat yetkazib berish hamda qishloq xo‘jaligi xizmatlarini ko‘rsatish vazifasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi «Agroservis operator» davlat unitar korxonasiga yuklatilgan.

Xo‘sh, «Agroservis operator» DUK tomonidan mazkur hujjat ijrosini ta’minlash borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Bu borada «Agroservis operator» DUK direktori Aziz Shukurov O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi.

– Yurtdoshlarimizni qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlashda sohada olib borilayotgan ishlar hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi, – deydi Aziz Shukurov. – «Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish va ularni xarid qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tgan 2022 yilda 5 yarim mingga yaqin fermer hamda dehqon xo‘jaliklariga 105 milliard so‘mlik zarur bo‘lgan moddiy-texnik resurslar, shu jumladan urug‘lik va ko‘chatlar yetkazib berildi. Buning samarasi o‘laroq, 55 ming gektardan ortiq maydonda oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirildi, 100 mingdan ortiq aholi vakillarining mavsumiy va doimiy ish bilan bandligi ta’minlandi. Ishchilarning oylik daromadlari o‘rtacha   8-12 million so‘mni tashkil etdi.

«Agroservis operator» davlat unitar korxonasi tomonidan qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtiruvchilarining mahsulot yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish maqsadida 2022 yilda 825 tonnadan ortiq 41 milliard so‘mga teng urug‘liklar, 8 ming 500 tonnadan ortiq 36 milliard so‘mlik mineral o‘g‘it, 725 tonna 11 milliard so‘m miqdoridagi yoqilg‘i-moylash materiallari hamda 15 milliard so‘mlik boshqa moddiy-texnik resurslar yetkazib berildi.

Sohada xalqaro hamkorlik ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, ilg‘or davlatlar amaliyoti muntazam o‘rganib boriladi. Misol uchun, hozirda qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtiruvchilarini sifatli va hosildor urug‘liklar bilan ta’minlash maqsadida Fransiyaning “Sakata”, «Hindistondagi Safal Bio Seeds”, Gollandiyaning “Basf” va “Bejo” urug‘chilik kompaniyalari bilan aloqalar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bugungi kunda mahsulot yetishtiruvchilarga hosildor va sifatli urug‘lar yetkazib kelinmoqda.

Shuningdek, to‘qsonbosdi usulida va plyonka ostida, jumladan erta bahorda tayyor bo‘ladigan sarimsoq piyoz, piyoz, karam, tarvuz va boshqa sabzavot mahsulotlarini yetishtirish maqsadida mahsulot yetishtiruvchilarga 23 milliard so‘mlik moddiy texnik resurslar yetkazib berilgan bo‘lib, ayni paytda dehqonlarimiz tomonidan erta bahorda tayyor bo‘ladigan mahsulotlar yetishtirilyapti.

Intensiv bog‘ va tokzorlarni tashkil etish ishlari ham faoliyat rejalarimizdan o‘rin olgan. Shundan kelib chiqib, Jahon bankining 65 million dollar mablag‘lari hisobidan «O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish» loyihasi doirasida intensiv bog‘ va tokzorlarni tashkil etish yo‘lga qo‘yilgan. Ular tayyor holda topshirilishi  fermer xo‘jaliklari va tadbirkorlik  sub’ektlari uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Jumladan, fermer xo‘jaliklari va tadbirkorlik sub’ektlariga tegishli bo‘lgan 10 gektardan kam bo‘lmagan bog‘dorchilik va uzumchilik faoliyati uchun ajratilgan yerlarda intensiv bog‘ va tokzorlarni barpo etish, shuningdek, yaroqsiz, samarasiz bog‘ va tokzorlar o‘rniga yangisini yaratish ko‘zda tutilgan. DUK va buyurtmachi o‘rtasida imzolanadigan shartnomada «tayyor holda» topshirish tamoyili asosida bog‘ va tokzorlar tashkil etilib, shartnoma qiymatining 20 foizini oldindan, qolgan foizini 7 yil davomida bo‘lib to‘lash, dastlabki 3 yil mobaynida parvarishlash xarajatlari DUK tomonidan qoplanishi hamda to‘lov to‘liq amalga oshirilgunga qadar yer maydoniga bo‘lgan ijara huquqini DUK foydasiga garovga qo‘yish sharti belgilanadi.

Ushbu loyihaning afzalliklari shundaki, birinchidan, intensiv bog‘lar loyiha doirasida pudratchi tomonidan 3 yil davomida parvarish qilinadi. O‘z o‘rnida amaliy o‘qitish va tajriba almashish yo‘lga qo‘yiladi xamda 3 yil davomida malakali agronomlar tomonidan o‘qitiladi. Ikkinchidan, bog‘larni tashkil etishda sertifikatlangan ko‘chatlar ekilib, parvarishlanadi. Uchinchidan, barpo etilgan bog‘larda 3 xil turdagi texnikalar (changlovchi, yovvoyi o‘tlarni mexanik ravishda yo‘q qilish tizimi, hosilni yig‘ish texnikasi) ishlatiladi va tomchilatib sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Yana bir jihati, Jahon bankining xalqaro konsultantlari tomonidan 10 yillik xarajatlar va daromadlarning detallashtirilgan loyiha rejasi va smeta xarajatlari tayyorlanadi.

 

O‘zA muxbiri Muhtarama Komilova yozib oldi.