Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan 2022 yilda sohada amalga oshirilgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Ta’kidlanishicha, axborot-kommunikatsiya xizmatlari hajmi 2021 yilga kelib 17,8 trln. so‘mga, 2022 yilda esa 22,9 trln. so‘mga yetdi. 2022 yilda jami 4,6 millionta uy xo‘jaligida internetga ulanish imkoniyati yaratilgan. 2022 yilga kelib jami internet foydalanuvchilari 31,1 millionni tashkil qildi. Shundan mobil internet foydalanuvchilari soni 29,5 millionta.

Tizimdagi IT oliy ta’lim muassasalari - Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning 6 ta filiali, Toshkent shahridagi Inha va Amiti universitetlari tomonidan 35 dan ortiq mutaxassislik bo‘yicha 29 mingdan ortiq oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlanmoqda.
2022 yilda raqamli ta’limni rivojlantirish borasida AKT sohasida oliy ma’lumotli kadrlarni to‘liq masofaviy tarzda xalqaro standartlar asosida tayyorlaydigan “EPAM Systems” xalqaro IT-kompaniyasi bilan hamkorlikda “IT-Park University” raqamli universiteti faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Aholining raqamli ko‘nikmalarini oshirish maqsadida respublika bo‘yicha 205 ta raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarida 128 mingdan ortiq tinglovchi, shu jumladan, 33 ming nafar davlat xodimlari malakasini oshirdi.
IT sohasida xususiy sektor vakillariga yaratilgan sharoit va imkoniyatlar natijasida IT-Park rezidenti bo‘lgan xususiy ta’lim markazlari soni 191 nafarga yetdi.
2019-2022 yillarda «Bir million o‘zbek dasturchi» loyihasi doirasida ta’lim olganlar soni 2,5 milliondan oshgan. IT sohadagi o‘quv kurslarda tahsil olayotgan yoki ushbu o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan 15 mingdan ortiq yoshga kompyuter xarid qilish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda iste’mol kreditlari ajratildi.
O‘zA